
O‘zbekistonda 29-sentabrdan 2-oktabrgacha I Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumi o‘tkazilmoqda. Tadbir doirasida Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi va Osiyo universitetlar sporti federatsiyasi vakillari ham mamlakatga tashrif buyurgan. Forum doirasidagi tadbirlardan biri Toshkent arxitektura-qurilish universitetida bo‘lib o‘tdi. Unda «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasidagi 2026-yilgi ommaviy sport musobaqalariga start berildi.
Sport musobaqalariga start berildi

Ochilish marosimida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, tegishli tashkilotlar vakillari va talabalar qatnashdi. Shuningdek, Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi prezidenti Leonz Eder ham marosimda ishtirok etdi. Leonz Eder va Qo‘ng‘irotboy Sharipov musobaqalarga ramziy start berdi.
Talabalar besh sport turi bo‘yicha bellashmoqda

OTM talabalari «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida mini futbol, voleybol, stritbol, yengil atletika va stol tennisi bo‘yicha kuch sinashadi. Musobaqalar fakultet bosqichidan boshlanib, keyin oliy ta’lim muassasasi, hududiy va respublika bosqichlarida davom etadi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda fan olimpiadalari va sport musobaqalari g‘oliblarini «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat» yo‘llanmasi berilishi haqida yozgan edi.