
O‘zbekiston 2025-yilda 462,3 mingta avtomobil ishlab chiqarib, Osiyodagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi davlatlar orasida 9-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich 2024-yildagidan yuqori bo‘lgan.
Seasia Stats xabar berishicha, 2025-yilda Osiyo – Tinch okeani mintaqasida jami 59,2 mln transport vositasi ishlab chiqarilgan. Bu dunyoda ishlab chiqarilgan 96,4 mln avtomobilning 61 foizidan ortig‘iga teng.
O‘zbekiston Top-10 talikka kirdi
2025-yilda O‘zbekiston 462 343 ta avtomobil ishlab chiqargan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 433,6 ming dona edi.
Shu tariqa O‘zbekiston Osiyoda avtomobil ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha Tayvanni ortda qoldirib, 9-o‘rinni egalladi.
Reytingning yuqori pog‘onalarida Xitoy 34,53 mln, Yaponiya 8,41 mln va Hindiston 6,49 mln avtomobil bilan yetakchilik qilgan.
O‘zbekiston Qozog‘istondan 2,7 baravar ko‘p avtomobil ishlab chiqardi
Taqqoslash uchun, 2025-yilda Qozog‘istonda 171,1 mingta transport vositasi ishlab chiqarilgan.
Bu O‘zbekistondagi ko‘rsatkichdan qariyb 2,7 baravar kam. Shu sabab Qozog‘iston Osiyodagi Top-10 avtomobil ishlab chiqaruvchi davlatlar qatoriga kira olmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yangi avtomobillar savdosi deyarli 21 foizga oshgani haqida xabar berilgandi.