O‘zbekiston va Belarus o‘zaro savdoni ikki barobar oshirmoqchi

eʼlon qilindi
2030-yilgacha
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini 2030-yilgacha ikki barobar oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining Xivadagi to‘rtinchi biznes forumi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida ma’lum qildi.

Savdo hajmi $1 mlrdga yaqinlashdi

Prezidentning qayd etishicha, 2025-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi $1 mlrdga yaqinlashgan.

2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni ikki barobar oshirish uchun sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, ikki mamlakat hududlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda.

9-iyul kuni O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangan. Shuningdek, 2026 – 2030-yillarda savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi qabul qilingan.

Xotin-qizlar tadbirkorligiga $2 mlrd yo‘naltirildi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Uning ma’lum qilishicha, 2025-yilda shu maqsadlar uchun 23,5 trln so‘m yoki qariyb $2 mlrd mablag‘ yo‘naltirilgan. Natijada 425 mingdan ziyod xotin-qiz ish bilan ta’minlangan yoki o‘z biznesini boshlagan.

Forumda yangi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilinadi

O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining biznes forumi 2023-yildan buyon Minsk, Toshkent va Vitebsk shaharlarida o‘tkazib kelinmoqda.

Xivadagi forum dasturidan sanoat kooperatsiyasi va investitsiyalar, agrosanoat majmuasi va biotexnologiyalar, raqamli yechimlar, turizm hamda ijtimoiy-gumanitar hamkorlik yo‘nalishlari o‘rin olgan.

Forum doirasida «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» va «Belarusda ishlab chiqarilgan» yorliqlari ostida milliy mahsulotlar ko‘rgazmalari ham tashkil etilgan.

Prezident yangi tadbirkor ayollarni o‘qitish, mentorlik va elektron savdoni rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga olib chiqishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev «1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan mamlakat pedagoglariga tabrik yo‘llagandi.

Shuningdek