Prezident «Yangi O‘zbekiston» universitetida qanday imkoniyatlar bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida «Yangi O‘zbekiston» universitetiga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’lim bosqichlaridagi islohotlar ko‘rsatildi
Prezidentga mamlakatda ta’limning uzviyligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va keyingi rejalar taqdim etildi.
Ko‘rgazmada maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, iqtidorli o‘quvchilar, professional va oliy ta’lim yo‘nalishlaridagi o‘zgarishlar namoyish qilindi.
Ilmiy laboratoriyalar faoliyati bilan tanishdi
Davlat rahbari universitetning o‘quv va ilmiy infratuzilmasini ham ko‘zdan kechirdi.
Unga «Kelajak muhandislari» maydoni, Bloomberg laboratoriyasi, fizika o‘quv laboratoriyasi, muhandislik fanlari o‘quv zali hamda Apple Training Center’da talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, Idrock sun’iy intellekt klasteri, biotexnologiya va bioinformatika, materialshunoslik, lazer va nanotexnologiyalar hamda ADM mashinasozlik laboratoriyalari faoliyati namoyish etildi.
Mazkur maydonlar talabalarning nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar, tadqiqotlar va loyihalar bilan bog‘lashga xizmat qilishi qayd etildi.
Talabalar va xorijiy hamkorlar bilan suhbatlashdi
Prezident universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilishda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlar bilan suhbatlashdi.
Tashrif yakunida davlat rahbari faol va tashabbuskor o‘qituvchi hamda murabbiylar bilan esdalik uchun suratga tushdi.
Avvalroq «Kursiv» 108 nafar ta’lim sohasi vakili davlat mukofotlari bilan taqdirlangani haqida yozgan edi.