
Samsung Electronics kompaniyasi yangi Samsung Galaxy A18 smartfonini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qurilma 6,7 dyuymli Super AMOLED displey, 50 MP asosiy kamera, Exynos 1610 protsessori va sun’iy intellektga asoslangan funksiyalar bilan jihozlangan.
Galaxy A18 qanday imkoniyatlarga ega
Smartfon 6,7 dyuymli FHD+ Super AMOLED displey bilan jihozlangan. Qurilmaning qalinligi 7,7 mm bo‘lib, ekran Corning Gorilla Glass 3 himoya oynasi bilan qoplangan.
Galaxy A18 qora, kumushrang va havorang variantlarda taqdim etiladi.
Smartfonda 50 MP asosiy kameraga ega uch kamerali tizim o‘rnatilgan. U keng kadrlar, portretlar va yaqin masofadagi obyektlarni suratga olishga mo‘ljallangan.

Circle to Search va Gemini qo‘llab-quvvatlanadi
Galaxy A18’da Google’ning Circle to Search funksiyasi mavjud. U foydalanuvchiga ekrandagi rasm, obyekt yoki matnni boshqa ilovaga o‘tmasdan qidirish imkonini beradi.
Shuningdek, smartfon Gemini xizmatini qo‘llab-quvvatlaydi. U tabiiy tildagi so‘rovlar orqali ma’lumot izlash, g‘oyalar olish va kundalik vazifalarni rejalashtirishga yordam beradi.
Exynos 1610 protsessori o‘rnatilgan
Galaxy A18 Exynos 1610 protsessori va LPDDR5 tezkor xotirasi bilan jihozlangan.

RAM Plus funksiyasi esa ichki xotiraning bir qismini virtual tezkor xotira sifatida ishlatadi. Bu bir nechta ilova bilan bir vaqtda ishlashda qurilmaning barqarorligini oshirishga yordam beradi.
Samsung qurilmaning batareya sig‘imini press-relizda aniq ko‘rsatmagan, biroq smartfon kun davomida faol foydalanishga mo‘ljallangani qayd etilgan.
Olti yilgacha yangilanish oladi
Samsung Galaxy A18 uchun olti avlodgacha operatsion tizim yangilanishlari va olti yilgacha xavfsizlik yangilanishlarini taqdim etishini bildirdi.
Smartfon IP64 darajasida chang va suv sachrashidan himoyalangan. Galaxy A18 haqida batafsil ma’lumotni Samsung’ning rasmiy saytida olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S23 seriyasi 28-sentabrdan One UI 8.5 yangilanishini olishi haqida yozgan edi.