
Kolumbiyalik xonanda Shakiraning Bishkekdagi konserti uchun chipta narxlari e’lon qilindi. Konsert «Bishkek Arena» stadionida bo‘lib o‘tadi.
Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, sahna stadionning sharqiy tribunasi tomonda joylashtiriladi. Sahna ortidagi tribunalar tomoshabinlar uchun yopiq bo‘ladi.
Chiptalar 12 ming somdan boshlanadi
Ko‘rish imkoniyati cheklangan, sahnaning yon tomonidagi joylar uchun chiptalar 12 ming somdan (taxminan $137) sotiladi.
Yuqori yarusdagi joylar 13,5 ming som ($154), sahnadan uzoqroq ikkinchi va uchinchi yaruslardagi o‘rinlar esa 22 ming som ($252) turadi.
Fan-zonalardan keyin joylashgan asosiy raqs maydoniga kirish 27 ming som ($309), sahna qarshisidagi g‘arbiy tribuna o‘rinlari esa 28 ming som ($320) etib belgilangan.
Sahnaga eng yaqin joylar 40 ming som
15 – 20 kishilik alohida lojalar 30 ming somdan ($343) taklif etiladi. G‘arbiy qismning pastki yarusi, arena burchaklaridagi joylar hamda uchinchi yarus markazidagi o‘rinlar 34 ming som ($389) turadi.
Sahnaga eng yaqin pastki yarusdagi o‘rindiqlar va bevosita sahna oldidagi tik turiladigan joylar uchun chiptalar 40 ming som ($457) etib belgilangan.
VIP-chiptalar keyinroq sotuvga chiqadi
Tashkilotchilar premium toifadagi VIP-chiptalar cheklangan miqdorda keyinroq sotuvga chiqarilishini ma’lum qildi.
Ularning narxi asosiy toifadagi chiptalardan yuqori bo‘ladi. VIP-biletlar narxi va ularni sotib olish shartlari keyinroq e’lon qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Shakira Bishkekda konsert berishi haqida yozgan edi.