Toshkentda yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchi 3 sutkaga qamaldi

Toshkentda avtobusda yo‘l haqini to‘lamagan va nazoratchiga qarshilik ko‘rsatgan yo‘lovchiga uch sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
«Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish» davlat muassasasi nazoratchilari avtobuslarda yo‘l haqini to‘lash bo‘yicha kuchaytirilgan reydlar o‘tkazmoqda.
Holat Chilonzor tumanida yuz bergan
2026-yilning 15-avgust kuni Chilonzor tumanidagi reyd vaqtida fuqaro M.M. avtobusdan tushganida nazoratchilar undan yo‘l haqi to‘langanini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishni so‘ragan. Transport vazirligi xabariga ko‘ra, yo‘lovchi turli vajlarni keltirib, nazoratchining talabini bajarmagan va qarshilik ko‘rsatgan. Uning shaxsini aniqlash jarayonida yo‘lovchi janjal chiqarib, nazoratchiga kuch ishlatishga uringan. Holat nazoratchining bodi-kamerasiga yozib olingan.
Sud yo‘lovchiga uch sutka qamoq jazosi tayinladi
Joriy yilning 24-sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida holat yuzasidan ochiq sud majlisi o‘tkazildi. Sud qarori bilan M.M.ga uch sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Transport vazirligi nazoratchilar hokimiyat vakili hisoblanishini eslatdi. Ularga hujum qilish, zo‘ravonlik bilan tahdid qilish yoki haqoratlash qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Yo‘l haqi avtobusga chiqishda to‘lanishi kerak
Vazirlik yo‘lovchilar avtobusga chiqishi bilan yo‘l haqini to‘lashi shartligini qayd etdi. Agar yo‘l haqi avtobusga chiqish vaqtida to‘lanmasa, yo‘lovchi chiptasiz ketayotgan deb hisoblanadi. Bunday holatda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi 5-qismiga asosan jarima qo‘llanadi.
Avvalroq «Kursiv» Temir yo‘l transporti va metropolitenda harakat hamda tashish xavfsizligi talablarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangani haqida yozgan edi.