
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Yangi filiallar yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Shuningdek, akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Xususiy klublardagi xarajatning yarmi qoplanadi
FIDE reytingida 1 500 balldan yuqori natijaga ega shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining 50 foizi davlat tomonidan qoplanadi.
Shuningdek, o‘qing: Parashaxmatchilarga 2 xonali uy, avtomobil va 50 ming dollar berildi
Bundan tashqari, mamlakatda «O‘zbekiston Grand chess» milliy brendi ostida xalqaro turnirlarni muntazam o‘tkazish rejalashtirilgan.
Yangi Toshkentda shaxmat saroyi qurilishi taklif qilindi
Prezident Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Shuningdek, hududlarda iqtidorli bolalarni erta aniqlash, ularga kuchli murabbiylarni biriktirish va xalqaro turnirlarda muntazam qatnashishi uchun sharoit yaratish vazifasi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq shaxmat Olimpiadasi chempionlariga uy-joy, avtomobil va 200 ming dollar mukofot berilgani haqida xabar berilgandi.