Eron AQShning so‘nggi taklifga javobini oldi

Eron AQShning Fors ko‘rfazidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini tiklash bo‘yicha so‘nggi taklifiga javobini oldi. Bu haqda Eron hukumati ma’lum qildi. AQSh prezidenti Donald Tramp bir necha kun avval Tehron taklifini rad etganini bildirgan edi.
Javob Qatar vositachiligida yetkazilgan
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi 29-sentabr kuni Dohada Qatar vositachilaridan AQShning javobini olgan. Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar o‘tgan hafta BMT Bosh Assambleyasi doirasida Nyu-Yorkda Qatar vositachiligida o‘tkazilgan.
Eron ilgari surgan yetti kunlik reja AQShning Eron portlariga nisbatan blokadasini bekor qilishi, shundan keyin esa Tehron Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochishini nazarda tutadi.
AQShning javobida nimalar taklif qilingani hozircha ochiqlanmagan. Reuters manbasiga ko‘ra, tomonlar kelishuv uchun zarur bo‘lgan qadamlarning o‘zi bo‘yicha katta farqqa ega emas, ammo ularni qanday ketma-ketlikda amalga oshirish masalasida kelisha olmayapti.
AQSh Iroqdagi harbiy missiyasini yakunladi
Eron AQSh javobini olgan kuni Vashington Iroqdagi so‘nggi harbiy kuchlarini ham olib chiqdi. Bu 2003-yilda boshlangan AQSh harbiy ishtirokiga yakun yasadi. AQSh qo‘shinlarining Iroqdan chiqishi 2024-yilda kelishilgan reja asosida amalga oshirildi.
Tehron va unga aloqador qurolli guruhlar AQSh qo‘shinlarining chiqib ketishini o‘zlarining g‘alabasi sifatida baholagan. Shu bilan birga, ayrim iroqlik tahlilchilar mamlakatda xavfsizlik bo‘shlig‘i yuzaga kelishi va Eron bilan aloqador guruhlarning ta’siri kuchayishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
AQSh va Eron o‘rtasidagi urush sakkizinchi oyiga kirgan bir paytda Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat ham keskinligicha qolmoqda. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, bo‘g‘oz orqali neft, qayta ishlangan mahsulotlar va tabiiy gaz oqimi urushdan oldingi darajaga nisbatan sezilarli darajada kamaygan.
Avvalroq AQShning Eron aviatsiya sektoriga qarshi yangi sanksiyalari mamlakatning xalqaro aviaqatnovlarini keskin cheklagandi.