Infantino O‘zbekiston terma jamoasining JChdagi asosiy xususiyatini aytdi

FIFA prezidenti Janni Infantino O‘zbekiston terma jamoasining 2026-yilgi Jahon chempionatidagi ishtiroki haqida fikr bildirdi. U jamoaning «yurakdan o‘ynagani»ni alohida ta’kidladi.
«Ulardan mamlakat faxrlandi»
Infantino O‘zbekiston terma jamoasining «JCh – 2026»dagi uchrashuvlarini kuzatganini aytdi.
«Menga eng ko‘p ta’sir qilgani — barcha futbolchilar yurakdan o‘ynagani. Bu ularning Jahon chempionatidagi ilk ishtiroki edi. Bu mutlaqo boshqacha tajriba», – dedi FIFA rahbari.
U Kolumbiyaga qarshi uchrashuvni ham alohida esladi. O‘zbekiston terma jamoasi o‘yin davomida hisobni teng ushlab turgan, biroq uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida gol o‘tkazib yuborgan.
«Bu muhim emas, chunki ular butun mamlakatni o‘zidan faxrlantirdi. Jahon chempionatida ko‘plab jamoalar ishtirok etadi, ammo O‘zbekiston haqiqatan ham yurakdan o‘ynadi. Eng muhimi ham shu», – dedi Infantino.
O‘zbekiston JChdagi debyutini guruh bosqichida yakunladi
O‘zbekiston terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatida tarixida ilk bor ishtirok etdi. Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa «K» guruhida Kolumbiya, Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasi bilan bahs olib bordi.
O‘zbekistonlik futbolchilar turnirdagi ilk uchrashuvida Kolumbiyaga 1:3, keyin Portugaliyaga 0:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Guruh bosqichining so‘nggi turida esa Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi o‘yinda 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Natijada terma jamoa guruh bosqichini ochkosiz yakunladi.
Avvalroq O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Osiyo o‘yinlarining futbol bo‘yicha yarimfinalida Yaponiyaga qarshi bahs olib borib, penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgandi.