Senat bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid qonun loyihasini ko‘rib chiqadi

Oliy Majlis Senati Kengashi Senatning yigirmanchi yalpi majlisini 2-oktabr kuni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Unda Konstitutsiyaviy sud faoliyati, oziq-ovqat xavfsizligi, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish va Markaziy bank faoliyatiga oid qonunlar ko‘rib chiqiladi.
Qator muhim qonunlar muhokama qilinadi
Yalpi majlis kun tartibiga mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy hayotiga oid bir qator masalalar kiritilishi rejalashtirilgan.
Xususan, senatorlar Konstitutsiyaviy sud faoliyati, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoyalash tizimini takomillashtirish hamda Markaziy bank faoliyatini yaxshilashga qaratilgan qonunlarni muhokama qiladi.
Shuningdek, xalqaro mehnat standartlarini milliy qonunchilikka joriy etishga oid qonun loyihalari ham ko‘rib chiqiladi.
Jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilishi mumkin
Majlisda uyushgan jinoyatchilik va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun hujjatlari ham muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, davlat veterinariya nazoratini takomillashtirish va ma’muriy javobgarlikni tartibga solishga oid qonunlarga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Xalqaro bitimlarni ratifikatsiya qilish masalalari
Senatorlar bir qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilishga oid qonunlarni ham muhokama qiladi.
Ular orasida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Toza energiya markazi ustavi, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi to‘g‘risidagi bitim hamda Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik hamda hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma bor.
Shuningdek, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.
Qurilishdagi korrupsiya bo‘yicha parlament so‘rovi
Yalpi majlisda qurilish sohasida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziriga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham muhokama qilinadi.
Senat Kengashi majlisida yigirmanchi yalpi majlisni tashkil etish, kun tartibidagi masalalarni puxta tayyorlash va mas’ul qo‘mitalar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Avvalroq O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan ayrim o‘ta og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash nazarda tutilayotgani haqida xabar berilgandi.