Sindarov yoki Gukesh: Shaxmat yulduzlari kimni tanladi

Javohir Sindarov va amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju o‘rtasidagi 2026-yilgi jahon chempionligi bahsi oldidan 18 nafar grossmeyster va shaxmat vakilining fikri jamlandi. Ularning 10 nafari Sindarovni favorit, olti nafari tomonlarning imkoniyatlarini teng deb baholagan, ikki nafari esa Gukesh tomonini olgan.
Karlsen Sindarov tomonida
Sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen Sindarovning imkoniyatlarini yuqori baholagan. U o‘zbekistonlik grossmeysterning o‘yinini har tomonlama muvozanatliroq deb hisoblashini bildirgan.
Rossiyalik grossmeyster Yan Nepomnyashchiy esa kuchlar nisbatini Sindarov foydasiga 65:35 deb ko‘rsatgan. Vladislav Artemiyev 60:40 nisbatini qayd etgan.
Jamlanmada Sindarovni favorit deb ko‘rsatganlar orasida Yan-Krzishtof Duda, Dina Belenkaya, Lyuk MakSheyn, Aleksandr Shimanov, Andrey Yesipenko, Faustino Oro, Levon Aronyan va boshqalar ham bor.
Nakamura Gukesh g‘alabasini kutmoqda
AQShlik grossmeyster Hikaru Nakamura esa Gukeshni tanlagan. Rook Review jamlanmasida uning prognozi Gukesh foydasiga 100:0 nisbatida qayd etilgan.
Qolgan ishtirokchilarning bir qismi, jumladan Anish Giri, Maksim Vashye-Lagrav, Hans Moke Niman va Vinsent Keymer ikki shaxmatchining imkoniyatlarini teng deb baholagan.
Bahs noyabr oyida boshlanadi
FIDE ma’lumotiga ko‘ra, jahon chempionligi uchun bahs 22-noyabrdan 12-dekabrgacha Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tadi. Birinchi klassik partiya 24-noyabr kuni o‘tkaziladi.
Bahs maksimal 14 ta klassik partiyadan iborat bo‘ladi. G‘alaba uchun shaxmatchilardan biri 7,5 ochko to‘plashi kerak. Agar 14 ta partiyadan keyin hisob 7:7 bo‘lsa, 12-dekabr kuni tay-brek o‘tkaziladi.
Sindarov 2026-yilgi FIDE «Da’vogarlar turniri»da g‘olib bo‘lib, Gukeshga qarshi jahon chempionligi bahsida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan. U O‘zbekiston tarixida mutlaq jahon chempionligi uchun bahsda qatnashadigan ilk shaxmatchi bo‘ladi.
Avvalroq FIDE 2026-yil sentabr yakunlari bo‘yicha jahon shaxmatchilari reytingini yangilagandi. O‘zbekistonning ikki vakili – Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorov kuchli beshlikdan joy olgan.