
Turkiyalik aktrisa Afra Sarachog‘luning giyohvand moddalar bo‘yicha tekshiruv natijalari tergov materiallariga kiritildi. Uning soch tolasi tahlilida ijobiy natija qayd etilgan, biroq qon va siydik tahlillari toza chiqqan. Aktrisa buni tashqi ta’sir yoki tasodifiy kontakt bilan izohladi.
T24 ma’lumotiga ko‘ra, Sarachog‘lu giyohvand moddalar bilan bog‘liq tergov doirasida xorijdan qaytgach, Istanbul aeroportida ushlangan.
Aktrisa tergov haqida xabar topgach, xorijdagi safarini to‘xtatib, o‘z xohishi bilan Turkiyaga qaytganini bildirgan.
«Qon va siydik tahlilim toza chiqdi»
Shuningdek, o‘qing: «Chuqur» yulduzi narkotik ishi bo‘yicha qo‘lga olindi
Sarachog‘lu uyida o‘tkazilgan tintuv vaqtida noqonuniy modda yoki jinoyatga aloqador buyum topilmaganini aytdi. U soch tolasi tahlilida kutilmagan modda aniqlangani haqida ham izoh berdi.
«Mutaxassislardan bilishimcha, soch tolasi tashqi ta’sirlarga juda ochiq bo‘ladi. Kasbim tufayli ko‘p odam qatnashadigan tadbirlarda passiv ta’sir yoki kontakt orqali ham shunday izlar qolishi mumkin ekan. Qon va siydik tahlilimning toza chiqishi esa foydalanuvchi emasligimni tasdiqlaydi», — dedi aktrisa.
Noqonuniy moddalarni rad etdi
Sarachog‘lu giyohvand moddalar iste’moliga qarshi ekanini va noqonuniy moddalar uning hayotida hech qachon bo‘lmaganini ta’kidladi.
Shuningdek, u tergov jarayonida adliya organlari bilan hamkorlik qilayotganini bildirib, voqea jamoatchilik e’tiboriga tushgani uchun uzr so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq turk kinosi yulduzlari Toshkentga kelgani haqida xabar berilgandi.