AQSh Yevropadan dizel zaxiralarini bozorga chiqarishni so‘radi

AQSh ma’muriyati Yevropadagi ittifoqchilarini, avvalo Germaniya va Fransiyani dizel narxlarini pasaytirish uchun strategik zaxiralarning bir qismini bozorga chiqarishga chaqirdi. Vashington bu qadam global yoqilg‘i bozoridagi tanglikni yumshatishiga umid qilmoqda.
Shu bilan birga, AQSh Prezidenti Donald Tramp dizel eksportini cheklash imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini bildirgan. Yevropa Ittifoqi esa bunday chorani keskin rad etdi va u transatlantik hamkorlikdagi ishonchga putur yetkazishi mumkinligini ta’kidladi.
AQSh: Yevropada yetarli zaxira bor
AQSh energetika vaziri Kris Rayt Yevropa davlatlari favqulodda dizel zaxiralaridan foydalanib, bozordagi narx bosimini kamaytirishi mumkinligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hosil yig‘im-terimi va qishki isitish mavsumi boshlanishi arafasida zaxiralarni muvofiqlashtirilgan tarzda bozorga chiqarish uchun ayni vaqt.
AQSh rasmiylari Fransiya, Germaniya va Italiyada sezilarli strategik zaxiralar mavjudligini qayd etib, Yevropani qo‘shimcha hajmlarni bozorga tezroq chiqarishga undamoqda.
Yevropa Ittifoqi eksport taqiqiga qarshi
Yevropa Komissiyasi AQShning dizel eksportiga ehtimoliy taqiq qo‘yish taklifini «to‘liq rad etishini» bildirdi.
Komissiya vakili Anna-Kaysa Itkonen bunday qaror hech bir tomon manfaatiga xizmat qilmasligini va AQShning ishonchli hamkor sifatidagi obro‘siga zarar yetkazishi mumkinligini aytdi.
Shu bilan birga, Yevropa davlatlari qo‘shimcha dizel zaxiralarini bozorga chiqarish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, bu borada Fransiya tomonidan taklif ham ilgari surilgan.
Makron Tramp bilan gaplashdi
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Donald Tramp bilan telefon orqali dizel bozoridagi vaziyatni muhokama qildi.
Fransiya tomoni G7 davlatlari eksport cheklovlarisiz, muvofiqlashtirilgan tarzda harakat qilishi kerakligini bildirgan. Makron ushbu masala bo‘yicha G7 yetakchilari bilan videomuloqot o‘tkazishni ham rejalashtirmoqda.
Dizel narxlari keskin oshgan
Global bozorda dizel ta’minoti qisqarishi fonida narxlar yuqori darajada qolmoqda. AQSh va Yevropa ayni paytda ichki bozorni yetarli miqdorda yoqilg‘i bilan ta’minlash hamda strategik zaxiralarni saqlab qolish o‘rtasida muvozanat izlamoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri AQSh Markaziy Osiyoga 5 mln dollar ajratishi haqida yozgan edi.