ChatGPT kiyimlarni virtual kiyib ko‘rish funksiyasini ishga tushirdi

2-oktabr 2026 11:12 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
ChatGPT kiyimlarni virtual kiyib ko‘rish funksiyasini ishga tushirdi
Rasm: OpenAI

OpenAI ChatGPT’ga kiyim va aksessuarlarni virtual tarzda kiyib ko‘rish imkonini qo‘shdi. Foydalanuvchi mahsulot kartasidagi «Try on» tugmasini bosib, o‘z suratini yuklashi va tanlangan kiyim unda qanday ko‘rinishini sun’iy intellekt yordamida ko‘rishi mumkin.

Yangi funksiya ChatGPT’ning mobil va veb-versiyalarida ishlaydi. Virtual tasvirlar ChatGPT Images yordamida yaratiladi.

Kiyim suratini ham yuklash mumkin

Virtual kiyib ko‘rish faqat ChatGPT tavsiya qilgan mahsulotlar bilan cheklanmaydi. Foydalanuvchi kiyim yoki aksessuarning rasmini chatga yuklab, uni o‘zida qanday ko‘rinishini ko‘rsatishni so‘rashi mumkin.

OpenAI sentabrda taqdim etgan ChatGPT Images 2.5 modeli suratlarda tabiiyroq yorug‘lik, aniqroq detallar va yuklangan suratdagi inson qiyofasini yaxshiroq saqlash imkoniyatlarini taklif qiladi.

Yoqtirgan mahsulotlarni saqlab qo‘yish mumkin

ChatGPT’da foydalanuvchilar yoqtirgan mahsulotlarini Favorites bo‘limiga saqlashi yoki Library’da alohida papkalarga ajratishi mumkin. Bu keyinchalik tanlangan kiyim va aksessuarlarga qaytishni osonlashtiradi.

OpenAI virtual kiyib ko‘rish orqali yaratilgan tasvir mahsulotning haqiqiy ko‘rinishi yoki o‘lchamiga to‘liq mos kelmasligi mumkinligini ham ogohlantirmoqda. Xarid qilishdan oldin sotuvchining o‘lchamlar jadvali va mahsulot tavsifini tekshirish tavsiya etiladi.

Yuklangan suratlar bo‘yicha maxfiylik sozlamalari mavjud

Shaxsiy ChatGPT hisoblarida foydalanuvchi Settings → Data Controls → Improve the model for everyone sozlamasini o‘chirsa, undan keyingi yangi suhbatlar modelni o‘qitish uchun ishlatilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI GPT-6 Astra’ni taqdim etgani haqida ma’lumot berilgandi. Kompaniya uni dasturlash, murakkab tadqiqotlar, ma’lumotlar tahlili va kompyuter bilan mustaqil ishlash imkoniyatlari sezilarli darajada yaxshilangan eng ilg‘or modeli sifatida ta’riflamoqda.

Shuningdek