Fransiyada 400 ta maktab namoyishlar sabab yopildi

Fransiyada o‘quvchilar noroziliklari davom etayotgani sabab 400 ga yaqin maktab va boshqa ta’lim muassasalari yopildi. Namoyishlar Parij atrofida boshlangan va keyinchalik mamlakat bo‘ylab tarqalgan.
Fransiya ta’lim vaziri Eduar Jeffre ota-onalarni farzandlarini ko‘cha namoyishlariga chiqishdan qaytarishga chaqirdi. Ayrim ta’lim muassasalarida darslarni masofadan o‘tkazish tavsiya qilingan.
Namoyishlar nimadan boshlandi
O‘quvchilar sinflarning haddan tashqari to‘lib ketgani, o‘qituvchilar yetishmasligi, maktab binolarining yomon holati va o‘quv resurslari yetarli emasligidan norozi. Namoyishchilar ta’lim tizimiga ko‘proq mablag‘ ajratishni talab qilmoqda.
Noroziliklar dastlab Parij mintaqasidagi litseylarda boshlangan, keyinchalik boshqa shaharlarga ham yoyilgan.
Shuningdek, o‘qing: Fransiyadagi Renuar muzeyidan ikkita noyob kartina o‘g‘irlandi
Qariyb 2 ming kishi qo‘lga olindi
Fransiya rasmiylariga ko‘ra, namoyishlar boshlanganidan buyon qariyb 2 ming kishi hibsga olingan. Ularning katta qismini o‘smirlar tashkil etadi.
Namoyishlar vaqtida yuzlab o‘quvchilar, ta’lim xodimlari va huquq-tartibot organlari vakillari jarohat olgan. DW ma’lumotiga ko‘ra, 170 nafar o‘quvchi, 65 nafar ta’lim xodimi hamda 305 nafar politsiyachi va jandarm jarohatlangan.
Strasburg, Marsel, Tuluza va boshqa shaharlarda namoyishchilar bilan politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergan. Ayrim joylarda avtomobillar va chiqindi qutilari yoqilgan, maktab binolariga ham zarar yetkazilgan.
Talabalar yangi namoyishlarga chaqirmoqda
Hukumat vakillari talabalar va kasaba uyushmalari bilan muzokara o‘tkazishni rejalashtirgan. Shu bilan birga, talabalar tashkilotlari 6-oktabr kuni yangi ommaviy norozilik aksiyasini o‘tkazishga chaqirgan.
Fransiya hukumati namoyishlardagi zo‘ravonliklarni qoralamoqda, talabalar esa politsiyaning ayrim harakatlarini haddan tashqari keskin deb baholamoqda. Hukumat va muxolifat vakillari noroziliklarning siyosiy sabablari yuzasidan ham qarama-qarshi fikr bildirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Fransiyada minglab o‘quvchilar namoyishga chiqqani haqida yozgan edi.