Huawei Mate 90 smartfoni rasman taqdim etildi

2-oktabr 2026 17:26 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Huawei Mate 90 smartfoni rasman taqdim etildi
Foto: Huawei

Huawei kompaniyasi Xitoy bozorida Huawei Mate 90 smartfonini rasman taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.

Model yangi flagman turkumining bazaviy versiyasi bo‘lib, Kirin 9030 protsessori va HarmonyOS 7 operatsion tizimi bilan ishlaydi.

Kirin 9030 protsessori

Huawei Mate 90 Kirin 9030 chipiga ega. Ushbu protsessor avvalgi Mate 80 Pro modelida ham qo‘llangan.

Huawei ma’lumotiga ko‘ra, Kirin 9030 Mate 80’dagi Kirin 9020 chipiga nisbatan markaziy protsessor ishlashida 13%, grafikada 54%, neyron hisoblashda esa 13% yuqori natija ko‘rsatadi. Umumiy unumdorlik 27% ga oshgani aytilmoqda.

Foto: Huawei

Chip apparat darajasida ray tracing texnologiyasini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

6,75 dyuymli ekran

Mate 90 6,75 dyuymli tekis displey bilan jihozlangan. Korpusda uchinchi avlod Kunlun Glass himoya oynasi va mustahkamlangan materiallardan foydalanilgan. Huawei’ga ko‘ra, yangi oyna Mate 80 seriyasiga nisbatan yiqilishlarga 50% dan ko‘proq chidamli.

Smartfon IP68 va IP69 himoya darajalariga ega. Sensorli ekran nam qo‘l bilan ham ishlashga moslashtirilgan.

Uchta asosiy kamera

Mate 90 orqa qismida uchta kamera bilan jihozlangan. Asosiy kamera 50 Mp, 1/1,56 dyuymli RYYB sensor, optik stabilizatsiya va F1.4–F4.0 o‘zgaruvchan diafragmaga ega.

Telefoto kamera ham 50 Mp bo‘lib, 4 karra optik va 8 karra optik sifatdagi zumni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ultra keng burchakli kamera esa 40 Mp aniqlikka ega. Huawei ma’lumotiga ko‘ra, uchinchi avlod Red Maple rang sensori rang aniqligini 37% ga yaxshilaydi.

Foto: Huawei

Batareyasi 6 600 mA/soat

Mate 90 6 600 mA/soat sig‘imli batareyaga ega. Bu Mate 80’dagi 5 750 mA·soat batareyaga nisbatan sezilarli o‘sish.

Smartfon 66 Vt simli va 50 Vt simsiz quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Maxsus tashqi rejimda batareya ishlash muddati 15 kungacha yetishi mumkin. Petal Maps esa ushbu rejimda ekran o‘chiq holda 36 soatgacha navigatsiya ishlashini qo‘llab-quvvatlaydi.

Sun’iy yo‘ldosh aloqasi ham bor

Huawei Mate 90 BeiDou sun’iy yo‘ldosh tizimi orqali xabar, jumladan, tasvirli xabar yuborishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ushbu funksiya hozircha faqat Xitoy hududida ishlaydi. Smartfon HarmonyOS 7’da ishlaydi va iPhone bilan qo‘ng‘iroqlarni yo‘naltirish, fayl uzatish hamda bildirishnomalarni sinxronlash kabi funksiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Narxi

Huawei Mate 90 Xitoyda uchta konfiguratsiyada sotiladi:

  • 12/256 Gb — 5 999 yuan ($895)
  • 12/512 Gb — 6 999 yuan ($1 045)
  • 12 Gb/1 Tb — 8 499 yuan ($1 268)

Model Crystal Green, Crystal Pink, Zero White va Obsidian Black ranglarida taklif etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Huawei Mate 90 Pro Max taqdimotdan oldin namoyish etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek