
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov shaxmat bo‘yicha Jahon olimpiadasidagi g‘alabadan so‘ng kelajakdagi rejalari haqida gapirdi. U to‘y haqidagi savolga hazil aralash javob berib, avval jahon tojini qo‘lga kiritishni maqsad qilganini aytdi.
«To‘y oldidan jahon tojini olish kerak», — dedi Sindarov.
Boshim osmonga yetdi — Sindarov
Grossmeyster taqdirlash marosimidan keyingi taassurotlari bilan ham o‘rtoqlashdi.
«Juda xursandman. Bugun boshim osmonga yetdi. To‘g‘risi, bunday taqdirlashni kutmagandik. Taassurotlarimni hatto so‘z bilan ifodalash qiyin», — dedi u.
Sindarov: Dunyodagi eng kuchli jamoalarni yengdik
Sindarovning aytishicha, Olimpiada oson kechmagan. Musobaqada dunyoning eng kuchli terma jamoalari qatnashgan.
«Juda og‘ir kechdi. Dunyodagi eng kuchli jamoalar bor edi. Biz esa barchasini mag‘lub etdik. Yurtboshimizning bizga bo‘lgan ishonchini oqladik. Xalqimizning ham ishonchini oqladik», — dedi shaxmatchi.
Muxlislar qo‘llab-quvvatlashi motivatsiya bergan
Sindarov Samarqanddagi musobaqa davomida muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi jamoaga katta kuch berganini ta’kidladi.
«Ko‘plab insonlar har kuni bizni kuzatishga kelishdi. Bu bizga katta motivatsiya berdi. Natijamizdan juda ham xursandman», — dedi u.
Keyingi maqsad — bundan ham katta natijalar
Grossmeyster jamoa erishilgan natija bilan cheklanib qolmasligini ham aytdi.
«Lekin maqsadimiz bu bilan to‘xtab qolish emas. Bundan ham katta natijalarga erishishni istaymiz», — dedi Sindarov.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Javohir Sindarov prezident sovg‘a qilgan avtomobilni ko‘rsatgani haqida yozgan edi.