
AvtoVAZ 2027-yilda Lada Azimut krossoveri uchun yangi kuch qurilmasini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Avtonovosti dnya» nashri ma’lum qildi.
Model 1,5 litrli turbomotor va klassik gidromexanik avtomat uzatmalar qutisini oladi. Kompaniya vakili bu haqda Minskdagi «Innoprom. Belarus» ko‘rgazmasida Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinga avtomobilni taqdim etish vaqtida ma’lum qilgan.
Quvvati 150 ot kuchi bo‘ladi
Yangi turbomotor 150 ot kuchi ishlab chiqaradi. AvtoVAZ prezidenti Maksim Sokolov avvalroq ushbu dvigatel klassik gidromexanik avtomat bilan birga taklif etilishini aytgan edi.
Seriyali ishlab chiqarish boshlanishidan oldin bunday kuch qurilmasiga ega prototiplar sinov va sozlash bosqichidan o‘tkaziladi.
Hozircha atmosferali motorlar bilan chiqadi
Lada Azimut dastlab 1,6 va 1,8 litrli atmosferali dvigatellar bilan sotuvga chiqariladi. Ularning quvvati mos ravishda 120 va 132 ot kuchini tashkil etadi. Versiyaga qarab, olti pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi yoki variator taklif etiladi.
Krossover modernizatsiya qilingan Lada Vesta platformasi asosida yaratilgan.
2028-yilda gibrid versiya ham chiqishi mumkin
AvtoVAZ 2028-yilda Lada Azimut qatorini gibrid versiya hisobiga kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Bunday prototipni Rossiya sanoat va savdo vaziri Anton Alixanov allaqachon sinovdan o‘tkazgan.
Sotuv 2026-yilda boshlanadi
Benzinli Lada Azimut 2026-yil oxirigacha sotuvga chiqishi kutilmoqda. Modelni Tolyattidagi AvtoVAZ zavodida ishlab chiqarish 25-sentabrda boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri xorijda sotilmagan Chevrolet’lar O‘zbekistonga qaytarilayotgani yuzasidan izoh berilgani haqida yozgan edi.