O‘rtacha oylik ish haqi 7,1 mln so‘m: eng yuqori maosh qayerda

eʼlon qilindi
2026-yil yanvar–iyun oylarida
O‘zbekistonda ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar 7 foizga oshiriladi
Foto: Depositphotos

2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7,1 mln so‘mni tashkil etdi. Nominal ish haqi bir yil ichida 18,4 foizga, inflyatsiya hisobga olingan real ish haqi esa 10,9 foizga oshdi. Bu haqda Markaziy bankning 2026-yil II chorak uchun mehnat bozori sharhida ma’lum qilindi.

Ish izlovchilar o‘rtasida raqobat kuchaydi

II chorakda biznes subyektlari e’lon qilgan bo‘sh ish o‘rinlari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,8 foizga kamaydi. Pasayish asosan chakana savdo, ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shu bilan birga, hh.uz ma’lumotlari asosidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, faol rezyumelar soni yillik hisobda 17,6 foizga oshgan. Markaziy bank rezyumelar sonining vakansiyalarga qaraganda tezroq o‘sishini mehnat bozorida ish o‘rinlari uchun raqobat kuchayayotganining belgisi sifatida baholagan.

Shuningdek o‘qing: Ishdan bo‘shatilgan ayrim xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlanadi

Eng yuqori maosh moliya sohasida

2026-yilning birinchi yarmida eng yuqori o‘rtacha ish haqi moliya va sug‘urta sohasida — 19,1 mln so‘m, axborot va kommunikatsiya xizmatlarida esa 17,4 mln so‘mni tashkil etdi.

Eng past o‘rtacha ish haqi qishloq xo‘jaligida — 3,5 mln so‘m va ijtimoiy xizmatlarda — 4,7 mln so‘m bo‘lgan.

Hududlar orasida real ish haqining eng yuqori o‘sishi Jizzax viloyatida 13,3%, Namanganda 11,8% va Toshkent shahrida 10,7 foizni tashkil etdi.

O‘zbekistonga $5,5 mlrd pul o‘tkazildi

Shuningdek, o‘qing: Telefon raqami orqali pul o‘tkazish tartibi tasdiqlandi

2026-yilning II choragida xorijdan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari $5,5 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,1 foizga oshdi. Birinchi chorakda esa $3,8 mlrd pul o‘tkazilgan.

Yanvar–iyun oylarida Qozog‘istondan pul o‘tkazmalari 28,2 foizga, AQShdan 18,8 foizga, Turkiyadan 14,2 foizga va Janubiy Koreyadan 11,4 foizga oshgan. Rossiyadan yuborilgan mablag‘lar hajmi esa 8,8 foizga ko‘paygan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning tashqi qarzi 84 mlrd dollardan oshgani haqida ma’lumot berilgandi.

Shuningdek