O‘zbekiston Daniya investitsiyalari va texnologiyalarini energetika va farmatsevtikaga jalb qilmoqchi

eʼlon qilindi
Savdo masalalari muhokama qilindi
Foto: prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Daniya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, mamlakat investitsiyalari va ilg‘or texnologiyalarini O‘zbekistonga jalb etish uchun imkoniyatlar keng ekanini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Davlat rahbari 2-oktabr kuni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussenni qabul qildi.

O‘zbekiston va Daniya savdosi qariyb besh barobar oshgan

Uchrashuvda O‘zbekiston–Daniya munosabatlarini siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashganini qayd etdi. O‘tgan yili O‘zbekistonning Stokgolmdagi elchixonasi huzurida Daniya bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan ilk elchi tayinlangan. Joriy yilda esa Daniya Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil lavozimini joriy qilgan. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi yillarda qariyb besh barobar oshgan.

Daniya kompaniyalari O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda

Daniyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda tog‘-kon, kimyo va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi hamda suv ta’minoti sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish, Daniya investitsiyalari, ilg‘or texnologiyalari va nou-xaularini yangi yo‘nalishlarga jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.

Xususan, energetika, farmatsevtika, transport va logistika, agrosanoat majmuasi istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Ta’lim va turizm sohalarida hamkorlik kengaytiriladi

Tomonlar ta’lim, madaniyat va turizm sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish uchun ham salmoqli salohiyat mavjudligini qayd etdi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Daniya o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli ravishda kengaytirish uchun institutsional hamda shartnomaviy-huquqiy asoslarni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-sentabr kuni Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantinoni qabul qilgandi. 

Shuningdek