
Aichi-Nagoya-2026 XX yozgi Osiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar yana uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Natijada O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi oltin medallar soni 20 taga, jami medallar esa 65 taga yetdi.
Xalokov, To‘raboyev va Jaysunov oltin medal oldi
Boks bo‘yicha 60 kg vazn toifasida Abdumalik Xalokov finalda Janubiy Koreya vakili Donghvan Jangni mag‘lub etib, Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘ldi.
Dzyudo bo‘yicha +100 kg vaznda Muzaffarbek To‘raboyev finalda mezbon Yaponiya vakilidan ustun kelib, ikkinchi bor Osiyo o‘yinlari oltin medalini qo‘lga kiritdi.
Taekvondo WT bo‘yicha -80 kg vazn toifasida Jasurbek Jaysunov Xitoy Taypeyi vakili Jiun Yi Hungni yengib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Zokirov va Sobirjonova kumush medal oldi
Boksning og‘ir vazndagi finalida Jahongir Zokirov Qozog‘iston vakili Aibek Oralbayga qarshi bahs olib borib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Taekvondo bo‘yicha -67 kg vaznda Ozoda Sobirjonova finalda eronlik raqibiga imkoniyatni boy berib, Osiyo o‘yinlari kumush medali sohibiga aylandi.
Velotrekchilar ham shohsupaga ko‘tarildi
Velotrekning medison dasturida Sergey Rostovsev va Nikita Svetkov juftligi 45 ochko jamg‘arib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Ernazar Sarsenbayev ham O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga bronza medalini qo‘shdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq To‘rabek Habibullayev Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lgani haqida xabar berilgandi.