Qishga tayyorgarlik: elektr tarmoqlarida 222 ta avariya brigadasi navbatchilik qiladi

2026/2027-yil kuz-qish mavsumi oldidan magistral elektr tarmoqlarida ta’mirlash va tekshiruv ishlari yakunlandi. Shu munosabat bilan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining mavsumga tayyorgarlik yakunlari va kuz-qish davridagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Avariyaviy holatlar uchun 222 ta brigada tayyorlandi
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisining ekspluatatsiya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Boburjon Murodovning aytishicha, avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish uchun 222 ta navbatchi brigada tashkil etilgan.
«Avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish maqsadida 222 ta navbatchi brigada tashkil etilgan bo‘lib, ular maxsus avtotransport, zarur ehtiyot qismlar, aloqa va himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlangan. Elektr qurilmalarida avariyaviy holatlar sodir bo‘lganda tezkor axborot almashinuvini ta’minlash, ma’lumotlarni tahlil qilish va nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rish maqsadida jamiyatning Situatsion tahlil boshqarmasida rahbar va mas’ul xodimlarning 24 soatlik navbatchilik rejimi yo‘lga qo‘yilgan», — dedi Murodov.
Borish qiyin bo‘lgan hududlardagi tarmoqlar dron bilan tekshirildi
Murodovning ma’lum qilishicha, borish qiyin bo‘lgan hududlardagi 1 915 km yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i dron yordamida ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv davomida aniqlangan nuqsonlar bartaraf etilgan.
Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik davomida 23,5 ming km dan ortiq elektr tarmog‘i va 2,8 mingdan ziyod transformator ta’mirlangan.
Elektr tarmoqlariga $1,9 mlrdlik investitsiya kiritilmoqda
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisining transformatsiya, sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, kapital qurilish, raqamlashtirish va axborot texnologiyalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sobirjon Artikov magistral elektr tarmoqlarini yangilash va kengaytirish bo‘yicha umumiy qiymati $1,9 mlrd bo‘lgan 15 ta loyiha amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.
«Yil oxirigacha 26 ta podstansiyada qo‘shimcha quvvat yaratish, yangi tarmoqlar qurish va mavjud tarmoqlarning bir qismini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Samarqand va Namangan viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari, Samarqand va Jizzaxda shamol elektr stansiyalari hamda elektr energiyasini saqlash tizimlari ishga tushiriladi», — dedi Artikov.
Loyihalarning bir qismi xalqaro moliya institutlari va xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtirilmoqda. Yanvar–avgust oylarida bajarilgan ishlarning $243,6 mlnlik qismi xorijiy investitsiyalar va kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Elektr tarmoqlarini monitoring qilish uchun SCADA tizimi ishga tushiriladi
Artikov elektr tarmoqlarini masofadan kuzatish va boshqarish uchun SCADA tizimi joriy etilayotganini ham bildirdi.
«Birinchi bosqichda 52 ta energetika obyekti SCADA tizimiga ulanadi. Tizim podstansiyalar va elektr tarmoqlaridagi jarayonlarni markazdan real vaqt rejimida kuzatish va boshqarish imkonini beradi», — dedi u.
SCADA orqali dispetcherlar uskunalar holati, kuchlanish va avariya signallarini tezkor kuzatib, nosozliklarga tezroq javob qaytarishi mumkin.
Elektr tarmoqlariga ulanish ham raqamlashtirilmoqda
Elektr tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olish jarayoni elektron platformaga o‘tkazilmoqda. Unda foydalanuvchi obyekt joylashuvini belgilab, yaqin atrofdagi podstansiyalar va elektr tarmoqlarini, ulardagi mavjud quvvat zaxirasini ko‘rishi mumkin.
Shundan so‘ng masofa va bo‘sh quvvatni hisobga olib, o‘ziga mos ulanish nuqtasini tanlash imkoniyati beriladi. Murojaat elektron tarzda yuborilgach, texnik shartlar shakllantirilib, foydalanuvchining shaxsiy kabineti hamda elektron pochtasiga yuboriladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 2030-yilgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini 2035-yilga kelib esa 57,2 GVtga yetkazish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.