Toyota Grand Highlander modelining yangi versiyasi chiqdi

2-oktabr 2026 14:18 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Toyota Grand Highlander modelining yangi versiyasi chiqdi
Foto: Toyota

Toyota 2027-yilgi Grand Highlander Hybrid modelining yangi Woodland Edition versiyasini taqdim etdi. U standart to‘liq uzatma, yo‘ltanlamas shinalar va oshirilgan klirens bilan jihozlangan.

Model Grand Highlander gibrid qatoriga qo‘shimcha versiya sifatida qo‘shiladi va yil oxirigacha dilerlik markazlariga yetib borishi kutilmoqda.

245 ot kuchiga ega gibrid tizim

Woodland Edition faqat 2,5 litrli gibrid kuch qurilmasi bilan taklif etiladi. Tizimning umumiy quvvati 245 ot kuchini tashkil etadi.

Bu ko‘rsatkich 362 ot kuchiga ega Hybrid MAX versiyasidan past. Toyota yangi versiyada quvvatdan ko‘ra, yo‘ldan tashqarida foydalanish imkoniyatlarini oshirishga urg‘u bergan.

Woodland Edition 3 500 funtgacha, ya’ni qariyb 1,6 tonna yuk tirkash imkoniga ega.

Foto: Toyota

Klirens 12,7 mm ga oshirildi

Toyota yangi versiyaning osmasini boshqa Grand Highlander modellariga nisbatan 0,5 dyuymga, ya’ni qariyb 12,7 mm ga ko‘tardi.

Avtomobil yo‘ltanlamas shinalar bilan jihozlangan. Ular shag‘al, loy va yengil off-road sharoitlarida yaxshiroq harakatlanishga mo‘ljallangan.

Shu bilan birga, Toyota bu modelni jiddiy off-road uchun emas, balki lagerlar va dala yo‘llari kabi yengil yo‘lsiz sharoitlar uchun tayyorlagan.

Yetti o‘rindiqli salon

Woodland Edition yetti o‘ringa ega. Ikkinchi qatorda oddiy divan o‘rniga alohida «kapitan» o‘rindiqlari o‘rnatilgan.

Bu yechim uchinchi qatorga o‘tishni osonlashtiradi.

Foto: Toyota

Sovutkich va yuk bo‘limi uchun maxsus jihozlar

Modelning ikkinchi qatorida olinadigan sovutkich o‘rnatilgan. Unga oltita 12 unsiyalik ichimlik sig‘adi.

Shuningdek, barcha ob-havo sharoitiga mos pol gilamchalari va yuk bo‘limida buyumlarning surilib ketishini oldini oluvchi ko‘tariladigan ajratgichlarga ega maxsus taglik mavjud.

Orqa o‘rindiqlar yig‘ilganda Grand Highlander’ning yuk bo‘limi hajmi 97,5 kub futgacha yetadi.

Narxi hozircha e’lon qilinmagan

2027-yilgi Grand Highlander qatorida 265 ot kuchiga ega 2,4 litrli turbo benzinli dvigatel, 245 ot kuchiga ega 2,5 litrli gibrid va 362 ot kuchiga ega Hybrid MAX mavjud.

AQShda bazaviy Grand Highlander LE narxi $42 560 dan, gibrid LE esa $45 910 dan boshlanadi.

Woodland Edition’ning aniq narxi hozircha e’lon qilinmagan. Standard to‘liq uzatma va qo‘shimcha jihozlar sabab u oddiy gibrid versiyalardan qimmatroq bo‘lishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toyota RAV4 Off-Road Edition taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek