Volkswagen ID. Aura T6 avtomobili haqida nimalar ma’lum

2-oktabr 2026 21:39 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Volkswagen ID. Aura T6 avtomobili haqida nimalar ma’lum
Foto: Volkswagen

Volkswagen ID. Aura T6 elektromobilini mijozlarga yetkazib berishni boshladi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

FAW-Volkswagen tomonidan ishlab chiqariladigan o‘rta o‘lchamli krossover 660 km gacha CLTC yurish zaxirasiga ega.

Modelning boshlang‘ich narxi 129 900 yuan ($19 375) etib belgilangan.

To‘rtta komplektatsiya taklif etiladi

Volkswagen ID. Aura T6 Xitoyda to‘rtta versiyada sotiladi.

  • ID. Aura T6 540 Pro — 129 900 yuan ($19 375)
  • ID. Aura T6 660 Pro — 139 900 yuan ($20 865)
  • ID. Aura T6 660 Max — 149 900 yuan ($22 260)
  • ID. Aura T6 660 Ultra — 166 900 yuan ($24 895)

4,8 metrli besh o‘rinli krossover

Foto: Volkswagen

ID. Aura T6’ning uzunligi 4 811 mm, eni 1 879 mm, balandligi 1 648 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2 836 mm.

Avtomobil 19 va 20 dyuymli g‘ildiraklar bilan taklif etiladi. Aerodinamik qarshilik koeffitsiyenti 0,245 Cd.

Model Volkswagen va Xpeng hamkorligida ishlab chiqilgan CEA arxitekturasi asosida yaratilgan.

228 ot kuchiga ega elektromotor

Krossover orqa o‘qqa o‘rnatilgan bitta elektromotor bilan jihozlangan. Uning maksimal quvvati 170 kVt yoki 228 ot kuchini tashkil etadi.

Xaridorlarga 59,9 va 77,5 kVt·soat sig‘imli LFP batareyalar taklif etiladi. Ular versiyaga qarab CLTC siklida 540–660 km, WLTP bo‘yicha esa 446–541 km yurish imkonini beradi.

Bazaviy versiya 0 dan 100 km/soatgacha 7,2 soniyada tezlashadi. Volkswagen ma’lumotiga ko‘ra, tezkor quvvatlash 22 daqiqa davom etadi.

Foto: Volkswagen

Salonida 15,6 dyuymli ekran bor

ID. Aura T6 besh o‘rinli salon va 576 litrli yukxonaga ega. Old panelda 15,6 dyuymli markaziy ekran, 10,25 dyuymli raqamli asboblar paneli va 25,8 dyuymli proyeksion AR displey joylashgan.

Multimedia tizimi Apple CarPlay, HiCar va CarLink’ni qo‘llab-quvvatlaydi. Tizim 4 nm chip asosida ishlaydi va 20 TOPS hisoblash quvvatiga ega.

LiDAR va 420 TOPS hisoblash quvvati

Krossover LiDAR asosidagi haydovchiga yordam tizimi bilan ham jihozlangan.

Tizim Horizon Robotics Journey 6H chipidan foydalanadi va 420 TOPS hisoblash quvvatiga ega. Avtomobil Highway NOA va Urban Pilot kabi yordamchi boshqaruv funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Volkswagen va Audi qariyb 1 mln avtomobilni chaqirib olishi haqida yozgan edi.

Shuningdek