Xalqaro qidiruvdagi o‘zbekistonlik ayol Istanbulda ushlandi

Odam savdosida gumonlanib, xalqaro qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi Turkiyaning Istanbul shahrida qo‘lga olindi. 1981-yilda tug‘ilgan N.E. O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlarining hamkorligidagi tezkor-qidiruv tadbirlari davomida aniqlangan. Bu haqda O’zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, N.E. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi (odam savdosi) bilan ayblanib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan.
Yosh qizlarni ish va’dasi bilan Turkiyaga olib kelgani aytilmoqda
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, N.E. yosh qizlarni yuqori maoshli ish bilan ta’minlashni va’da qilib, ularni Turkiyaga olib kelgan. Shundan so‘ng qizlarning pasportlarini olib qo‘yib, ularni ekspluatatsiya qilganlikda gumon qilinmoqda. Uzoq vaqt davomida qidiruvda bo‘lgan ayol Istanbulda aniqlanib, belgilangan tartibda O‘zbekistonning vakolatli organlariga topshirilgan.
Tergov va protsessual harakatlar davom etmoqda
Hozirda N.E.ga nisbatan tegishli tergov va boshqa protsessual harakatlar davom ettirilmoqda.Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni xorijda yuqori daromadli ish va’da qilayotgan shaxslarning t akliflariga ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqirdi.
Avvalroq Turkiyada xalqaro qidiruvda bo‘lgan S.A. qo‘lga olinib, O‘zbekistonga qaytarilgani haqida xabar berilgandi.