Yangi tizim: talabalar o‘qish davrida maosh olib, diplomdan keyin ishlaydi

O‘zbekistonda 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’limda ish beruvchi korxonalar buyurtmasi asosida, bitiruvchini ishga qabul qilish sharti bilan dual ta’lim orqali kadrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi. Talabalar o‘qish davrida korxonadan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan ish haqi oladi. Bu prezidentning «Oliy ta’limda dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilandi. Hujjat 2026-yil 29-sentabrda qabul qilingan.
Korxona bo‘lajak xodimiga buyurtma beradi
Yangi tizimda talabalarni tayyorlash OTM, ish beruvchi korxona va talaba o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida tashkil etiladi.
Dual ta’lim shaklida qaysi bakalavriat yo‘nalishlariga talabalar qabul qilinishi va qabul parametrlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilanadi.
Qabul ish beruvchi korxonaning buyurtmasiga muvofiq to‘lov-shartnoma asosida amalga oshiriladi. Talabalarni qabul qilish har yili 1-oktabrgacha yakunlanishi belgilangan.
Talaba o‘qish davrida ish haqi oladi
Yangi tizimning asosiy jihatlaridan biri – korxonaning talaba oldidagi moliyaviy majburiyati.
Shartnomaga ko‘ra, ish beruvchi korxona talabaga o‘qish davri davomida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘lashi kerak.
Shu bilan birga, talaba ham muayyan majburiyatni zimmasiga oladi. U oliygohni bitirgach, uni buyurtma qilgan korxonada kamida ikki yil ishlab berishi kerak bo‘ladi.
«Korxona – oliygoh – maqsadli kadr» tamoyili
Shunday qilib, yangi tizimda korxona o‘ziga zarur mutaxassisga oldindan buyurtma beradi, oliygoh esa ushbu ehtiyojdan kelib chiqib kadr tayyorlaydi.
Tizim 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab joriy etiladi. Uning asosiy maqsadi oliy ta’limdagi tayyorgarlikni mehnat bozori ehtiyojlari bilan yanada yaqinlashtirishdan iborat.
Avvalroq O‘zbekistonda dual ta’lim doirasida talabalarni amaliyotga qabul qilgan korxonalarga talaba uchun to‘langan ish haqining 50 foizini subsidiya sifatida qoplash taklif etilgani haqida xabar berilgandi.