BAA Flydubai reysiga qilingan hujumni teraktga urinish deb atadi

30-sentabr kuni Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Flydubai aviakompaniyasi samolyotining ikkinchi uchuvchisi kema komandiriga favqulodda vaziyatlar boltasi bilan hujum qilib, terakt amalga oshirishga uringan. Bu haqda DW nashri xabar berdi.
Gumondorning shaxsi va maqsadi
BAA Bosh prokurori Hamad Saif Al-Shamsiyning ta’kidlashicha, ikkinchi uchuvchi kema komandirini jarohatlab, samolyot boshqaruvini butunlay qo‘lga kiritishga uringan. Ma’lumotlarga ko‘ra, gumondor 29 yoshli O‘mon fuqarosi Hamam Al-Hammami bo‘lib, u 2024-yilda ekstremistik materiallar saqlagani aniqlangach, Oman Air aviakompaniyasi parvozlaridan chetlatilgan. Biroq unga ma’muriy lavozimda ishlashni davom ettirishga ruxsat berilgan bo‘lgan.
Ushbu kurash oqibatida Boeing 737 MAX 8 samolyoti atigi 29 soniya ichida 9 410 metrdan 5 105 metrgacha keskin pastlagan. Kema bortida jami 174 kishi, jumladan, 27 nafar bolalar bo‘lgan va ularning aksariyati Isroil fuqarolaridir. Samolyot Saudiya Arabistonining Tabuk shahridagi aeroportga favqulodda qo‘nishni amalga oshirishga majbur bo‘ldi.
Komandir jasorati va qutqaruv harakatlari
Hindistonlik kema komandiri Smit Machchhar bo‘ynidan va qo‘lidan og‘ir jarohat olganiga qaramay, emaklab borib kabina eshigini ochishga muvaffaq bo‘lgan.
«Men yaralangan holda polda yotardim, lekin oxirgi kuchimni to‘plab, eshikni ichkaridan ochishim kerakligini o‘zimga aytdim», – dedi kema komandiri.
Shundan so‘ng yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari hujumchini zararsizlantirgan. Jarohatlangan uchuvchiga tish shifokori bo‘lgan yo‘lovchilardan biri birinchi yordam ko‘rsatgan, parvozni esa bortda yo‘lovchi sifatida bo‘lgan ikki nafar zaxira uchuvchisi davom ettirib, falokatning oldini olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dubaydan Tel-Avivga uchgan samolyot garovga olish signalini bergani haqida xabar bergan edi.