Braziliyalik Cobalt’ini sotdi, ammo unga yana qaytishga tayyor — unga nima yoqdi

2019-yilgi Chevrolet Cobalt LTZ egasi, 28 yoshli Pedro Vitor bir necha yildan so‘ng avtomobilning ijobiy va salbiy tomonlari haqida so‘zlab berdi. U o‘z tajribasi bilan Braziliyaning Webmotors portali bilan o‘rtoqlashdi.
Braziliyalik haydalgan Cobalt’ni 2020-yilda taxminan 30 ming km masofa bosib o‘tgan holatda sotib olgan. Unga sedan ish, oilaviy qatnovlar va sayohatlar uchun kerak edi.
Cobalt’ning asosiy afzalliklari sifatida egasi keng salon va katta yukxonasini nomladi. Uning hajmi 563 litrni tashkil etadi. 2,62 metrlik g‘ildirak bazasi orqa tarafdagi yo‘lovchilar uchun ham yetarli joyni ta’minlaydi.
Yana bir ijobiy tomoni bu xizmat ko‘rsatishning arzonligi bo‘ldi. Pedroning so‘zlariga ko‘ra, ehtiyot qismlarni topish oson, ta’mirlash esa katta xarajatlarni talab qilmaydi.
Shuningdek o‘qing: Cobalt yana 146 mln so‘mga: UzAuto xalq sedani uchun chegirmalarni qaytardi
Biroq Cobalt’ning kamchiliklari ham bor edi
Ammo kamchiliklar ham mavjud edi. Birinchi navbatda, Vitor shaharda yoqilg‘i sarfi yuqoriligidan shikoyat qildi. 1.8 dvigatelli va avtomat uzatmalar qutisiga (avtomat korobka) ega versiya shahar sharoitida bir litr benzin bilan taxminan 12,1 km masofani bosib o‘tadi. Shuningdek, egasiga asboblar panelidagi ma’lumotlar yetishmagan. Masalan, avtomobilda dvigatel harorati ko‘rsatkichi bo‘lmagan.
Natijada egasi avtomobildan mamnun bo‘lgan va uni boshqa haydovchilarga ham tavsiya etishga tayyor. U Cobalt’ni muammolar tufayli emas, balki ishi sababli sotgan.
«Pedro Chevrolet Spin sotib olayotganda Cobalt’dan boshlang‘ich to‘lov sifatida foydalangan. U taksichi bo‘lib ishlaydi, shuning uchun unga professional tashuvlar uchun yaxshiroq mos keladigan yirikroq avtomobil kerak edi», – deya ta’kidladi Webmotors.
Shu bilan birga, braziliyalik agar modelni ishlab chiqarishda davom etishsa, Cobalt’ni yana sotib olishini ta’kidladi. Kelajakda u yoqilg‘i xarajatlarini kamaytirish uchun gibrid BYD King sotib olmoqchi.
Avvalroq Kursiv nashri Chevrolet Cobalt’ni tyuning qilish qancha turishi haqida xabar bergan edi.