FIDE Sindarov va Gukesh o‘rtasidagi shaxmat toji uchun uchrashuv haqida bayonot berdi

3-oktabr 2026 12:22 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Foto: Michal Walusza, Rafal Oleksiewicz / FIDE

Javohir Sindarov va Gukesh Dommaraju o‘rtasida Jenevada bo‘lib o‘tadigan 2026-yilgi jahon chempionligi uchun uchrashuv tafsilotlari ma’lum bo‘ldi. Bu haqda FIDE rasmiy Instagram sahifasida xabar berdi.

«Samarqanddagi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasidan tortib 2026-yil Jenevada bo‘lib o‘tadigan shaxmat bo‘yicha FIDE jahon chempionatigacha — bu voqea davom etadi. Gukesh va Javohir Sindarov yana to‘qnash kelishadi hamda bu gal o‘yinda jahon chempionligi toji o‘ynaladi», – deyiladi FIDE xabarida.

Musobaqa qachon o‘tkaziladi

FIDE 2026-yilgi Jahon chempionati uchrashuvi Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘tkaziladi. O‘yinlar shu yilning 24-noyabridan 12-dekabriga qadar bo‘lib o‘tadi.

Tarixiy qarama-qarshilik

Foto: Michal Walusza, Rafal Oleksiewicz / FIDE

Sindarov joriy yil bahorida Kiprda bo‘lib o‘tgan FIDE «Da’vogarlar turniri»dagi muvaffaqiyatli ishtiroki orqali Gukeshga qarshi shaxmat toji uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqandda bo‘lib o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Sindarov O‘zbekiston terma jamoasi safida jamoaviy bahslarda oltin medalni va ikkinchi doskada yakkalik bahslarida bronza medalni qo‘lga kiritgan edi.

Hindistonlik amaldagi jahon chempioni Gukesh esa o‘z terma jamoasi bilan jamoaviy kumush medalga va to‘rtinchi doskada yakkalik hisobda kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Avvalroq Kursiv nashri Javohir Sindarov prezident sovg‘a qilgan avtomobilni ko‘rsatgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek