Lexus yangilangan LX F Sport modelini taqdim etdi

eʼlon qilindi
Flagman yo‘ltanlamasning sport versiyasi F Sport ilk bor Yaponiya bozoriga kirdi
Foto: Carscoops

Yaponiyada Lexus LX flagman yo‘ltanlamasi uchun uzoq kutilgan F Sport modifikatsiyasi va barcha qator uchun yaxshilangan shassi sozlamalari taqdim etildi. Bu haqda Carscoops nashri xabar bermoqda.

F Sport versiyasining xususiyatlari

Foto: Lexus LX F Sport

Garchi F Sport versiyasi bir necha yillardan beri AQSh va Yaqin Sharq mamlakatlarida sotilayotgan bo‘lsa-da, Yaponiyada endi paydo bo‘ldi. Bu versiya LX, Overtrail+ va Executive qatorini to‘ldiradi. U benzinli LX 600 va gibrid LX 700h modellari uchun taqdim etiladi. F Sport ko‘rinishi jihatidan agressiv radiator panjarasi va bamperlari, maxsus belgilar hamda 22 dyuymli qora bolg‘alangan g‘ildiraklari bilan farq qiladi.

Foto: Lexus LX F Sport

G‘ildiraklar ortida qizil supportli tormoz tizimi o‘rnatilgan. Ushbu versiya uchun maxsus Neutrino Gray kulrang tusi taklif etiladi. Salon qismi uchun yorqin qizil rangdagi Flare Red pardozini tanlash imkoniyati bor. F Sport maxsus sport o‘rindiqlari, yapon qilichlarini yodga soluvchi Hadori alyuminiy bezaklari hamda poygachilar uslubidagi pedallar va ostonalar bilan jihozlangan. Rul chambaragi hamda uzatmalar qutisi selektoriga teshikli charm qoplangan.

Texnik yangilanishlar

Foto: Lexus LX F Sport

Texnik qismida ham o‘zgarishlar bor. F Sport uchun maxsus amortizator sozlamalari, AVS adaptiv osma va elektr boshqaruv kuchaytirgichi ishlab chiqilgan. Orqa o‘qda g‘ildiraklar o‘rtasida tortishni yaxshilash maqsadida Torsen o‘z-o‘zini bloklaydigan differensial o‘rnatildi.

Foto: Lexus LX F Sport

Boshqa LX versiyalari ham qayta sozlangan shassi, yaxshilangan rul boshqaruvi hamda osma orqali boshqaruv qulayligi va barqarorlikka ega bo‘ldi. Yo‘ltanlamas Overtrail+ versiyasi 265/70 R18 o‘lchamdagi shinalar bilan ta’minlandi. Bu shinalar asfaltda shovqinni kamaytirib, yo‘ltanlamaslik xususiyatlarini saqlab qolishga qaratilgan.

Dvigatel va narxlar

Quvvat qurilmalari avvalgidek qoldi. Lexus LX 600 modeli 415 ot kuchi (650 N·m) ishlab chiqaradigan 3,5 litrli qo‘sh turbinali V6 benzinli dvigatel bilan jihozlangan. Gibrid LX 700h esa ayni shu V6 dvigatelni elektromotor bilan birlashtiradi va umumiy quvvatni 463 ot kuchi (790 N·m) ga yetkazadi. Har ikki model ham 10 pog‘onali Direct Shift avtomat uzatmalar qutisi va to‘liq tortish tizimi bilan ta’minlangan.

Foto: Lexus LX F Sport

Yaponiyada yangilangan Lexus LX 600 narxi 15,6 mln iyena ($103 ming)dan boshlanadi. LX 600 F Sport uchun narx 17 mln iyena ($112 ming) qilib belgilangan bo‘lsa, gibrid LX 700h F Sport kamida 18 mln iyena ($119 ming)ga baholanmoqda. Eng qimmat variant bo‘lgan to‘rt o‘rinli LX 700h Executive narxi 22,1 mln iyenaga ($146 ming) teng.

Avvalroq Kursiv nashri yangilangan Lexus LS avtomobili taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek