Namanganda 51,5 mln so‘mlik qalbaki pullar musodara qilindi

Jizzax va Namangan viloyatlarida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor operatsiya davomida yirik miqdordagi qalbaki pullarni tayyorlab sotayotgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Qalbaki pullarning sotilishi
Pop tumanida yashovchi (1989-yilda tug‘ilgan) va Izboskan tumanida istiqomat qiluvchi (1999-yilda tug‘ilgan) ikki nafar shaxs jami 37,4 mln so‘m qalbaki pullarni shartli xaridorga 7,5 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Yashirin bosmaxonaning aniqlanishi
Shuningdek, ularni shaxsiy tintuv qilish jarayonida va boshqaruvida bo‘lgan «Lasetti» rusumli avtomashina salonidan qo‘shimcha 6,4 mln so‘m miqdorida qalbaki pullar borligi ma’lum bo‘ldi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, izboskanlik fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, u yerdan qalbaki 7,7 mln so‘m, 145 dona oq qog‘ozga chop etilgan turli xil kupyuralar, kompyuter, rangli printer va boshqa ashyolar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tergov harakatlari
Qalbaki pullar 20 ming, 50 ming, 100 ming va 200 ming so‘mlik nominalda tayyorlangan. Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda tergov harakatlari doirasida ularning jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda 8,4 ming qalbaki dollar sotayotganlar ushlangani haqida xabar bergan edi.