Olimpiadada kumush medal olgan Qozog‘iston shaxmatchilari mukofotsiz qoldi

3-oktabr 2026 11:01 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Foto: Sports.kz

Qozog‘iston ayollar terma jamoasi a’zolariga Samarqandda bo‘lib o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida qo‘lga kiritilgan kumush medal uchun davlat mukofot pullari to‘lab berilmadi. Bu haqda shaxmatchi Alua Nurman o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.

«Mukofot tugul, maosh ham yo‘q»

Qozog‘iston ayollar terma jamoasi a’zosi Alua Nurmanning so‘zlariga ko‘ra, Almati shahridagi Sport direksiyasi va Oliy sport mahorati maktabi xodimlari shaxmatchilarga ushbu natija uchun davlat mukofoti berilmasligini ma’lum qilgan. Shuningdek, olimpiadadagi muvaffaqiyat sportchilarga oylik maosh tayinlash uchun ham asos bo‘la olmasligi ta’kidlangan.

«Deyarli butun shaxmat olami ishtirok etadigan va eng asosiy jamoaviy turnir hisoblangan musobaqa qanday qilib davlat ro‘yxatidan tashqarida qolgani tushunarsiz», – dedi u.

«Bu shunchaki medal emas»

Shaxmatchi ushbu yutuq osonlik bilan qo‘lga kiritilmaganini ta’kidlagan.

«Biz uchun bu shunchaki medal emas. Uning ortida yillab tayyorgarlik, kundalik mehnat, minglab soatlik mashg‘ulotlar, sarflangan kuch-quvvat, toliqqan asab va xavotirlar yotibdi. Eng asosiysi esa — bu jahonning yirik shaxmat arenasida Qozog‘iston bayrog‘ini yana bir bor ko‘tarish imkoniyatidir», – deyiladi xabarda.

Timur Turlovning hissasi

Qozog‘istonda shaxmat ustuvor sport turi etib belgilangan va prezident Qasim-Jomart Toqayev tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Nurman o‘z postida tadbirkor va Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi rahbari Timur Turlovning ushbu sport rivojidagi hissasini alohida e’tirof etgan. Uning ta’kidlashicha, aynan Turlovning yordami bilan shaxmatchilarda xalqaro yirik turnirlarga tayyorgarlik ko‘rish va qatnashish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, buning natijasida sportchilar jahon arenasida yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda.

Samarqanddagi tarixiy natija

Eslatib o‘tamiz, Samarqand mezbonlik qilgan 2026-yilgi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Qozog‘iston ayollar terma jamoasi mag‘lubiyatsiz seriya qayd etib, qatorasiga ikkinchi marta kumush medalga ega chiqdi. Jamoa 11 tur yakuniga ko‘ra, xitoylik va hindistonlik raqiblar bilan durang o‘ynab, jami 7 ta g‘alaba hamda 4 ta durang bilan 18 ochko jamg‘argan.

Qozog‘iston sharafini Bibisara Asaubayeva, Alua Nurman, Meruert Kamalidenova, Yelnaz Kaliaxmet va Zarina Nurgaliyeva himoya qildi. Turnirda 16 yoshli debyutant Yelnaz Kaliaxmet to‘rtinchi taxtada eng yaxshi natijani ko‘rsatib, individual oltin medalga sazovor bo‘lgan.

Avvalroq Kursiv nashri shaxmat olimpiadasi g‘oliblari davlat mukofotlari bilan taqdirlangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek