Xalqaro qidiruvdagi jinoyatchi Gruziyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi

eʼlon qilindi
Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan ayblanayotgan shaxsni vataniga qaytarish Interpol hamkorligi doirasida amalga oshirildi
Foto: Ichki ishlar vazirligi

O‘zbekiston va Gruziya huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligida xalqaro qidiruvda bo‘lgan fuqaro ekstraditsiya qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar bermoqda.

O‘zaro kelishuv va tezkor harakatlar

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jinoyatchining Gruziya hududida ekani aniqlangan. O‘zbekiston va Gruziya Interpol Milliy markaziy byurolari kelishuvi asosida u ushlangan va barcha bosqichlarda zarur ko‘mak ta’minlangan.

Ekstraditsiya qarori va sudlov

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining iltimosnomasi qanoatlantirilib, qonunchilikda belgilangan tartiblar yakunlangach, shaxs vataniga qaytarildi. U O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismiga asosan qidiruvga berilgan bo‘lib, kelgusida unga nisbatan protsessual harakatlar amalga oshiriladi.

Hamkorlik davom etmoqda

Mazkur jarayon odil sudlovdan qochgan jinoyatchilarni mamlakatga qaytarish bo‘yicha tizimli harakatlarning amaliy natijasi bo‘ldi. Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi chet el huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikni kengaytirish va xalqaro qidiruvdagi shaxslarni ushlash bo‘yicha harakatlarini faol davom ettirmoqda.

Avvalroq Kursiv nashri o‘zbekistonlik bankir Mo‘minjon Yo‘ldoshev Interpol qidiruviga berilgani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek