Kuchli yomg‘ir, qor va shamol: 4-oktabr uchun ob-havo qanday

eʼlon qilindi
Toshkentda havo salqinlashadi
ob-havo
Foto: Lobar Turayeva / Kursiv Uzbekistan

4-oktabr kuni O‘zbekistonning aksariyat hududlarida yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi kutilmoqda. Toshkentda ham kun davomida yomg‘ir yog‘ib, havo harorati asta-sekin 17–19 darajagacha pasayadi.

«O‘zgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida esa kechga tomon yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Ayrim joylarda shamol 20–22 m/s gacha kuchayadi

Respublika bo‘yicha shamol 7–12 m/s tezlikda esadi. Ayrim hududlarda uning tezligi 13–18 m/s gacha, ba’zi joylarda esa chang-to‘zon bilan 20–22 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Kunduzgi harorat, asosan, 20–25 daraja, janubiy hududlarda esa 33 darajagacha bo‘ladi.

Toshkentda havo salqinlashadi

Poytaxtda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.

Shamol 3–8 m/s tezlikda esadi, ayrim joylarda 10–14 m/s gacha kuchayishi va chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.

Harorat avval 22–24 daraja atrofida bo‘ladi, kun davomida esa 17–19 darajagacha pasayadi.

Tog‘larda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda kuchli yog‘ingarchilik va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor. Shuningdek, ayrim hududlarda sel va suv toshqini hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Tog‘li hududlarda harorat 17–22 daraja atrofida bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zgidromet» mamlakatga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi haqida xabar bergandi. 4 – 5-oktabr kunlari sovuq havo mamlakatning barcha hududlariga yetib keladi.

Shuningdek