
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov mamlakat shaxmatidagi so‘nggi yutuqlarda davlat qo‘llab-quvvatlovi va muxlislarning e’tibori muhim rol o‘ynayotganini ta’kidladi. U bu haqda FIDE e’lon qilgan videoda Samarqanddagi Shaxmat olimpiadasidagi g‘alabadan so‘ng gapirdi.
Sindarovning aytishicha, 2022-yilda O‘zbekiston terma jamoasi Olimpiada chempioni bo‘lganidan keyin mamlakatda shaxmatga munosabat sezilarli darajada o‘zgargan.
«Shaxmat juda ommaviy sport turiga aylandi»
Grossmeyster O‘zbekistonda shaxmatning ommalashgani va terma jamoaga ko‘rsatilayotgan yordamni alohida qayd etdi.
«2022-yilda Olimpiada chempioni bo‘lganimizdan keyin mamlakatimizda shaxmatga munosabat butunlay o‘zgardi. Shaxmat juda ommaviy sport turiga aylandi», – dedi Sindarov.
U hukumat va Prezident tomonidan shaxmatga katta e’tibor qaratilayotganini ham ta’kidladi.
«Agar boshqa istalgan mamlakatda O‘zbekistondagidek qo‘llab-quvvatlash bo‘lganida, ko‘plab Nodirbeklar va men kabi ko‘plab shaxmatchilarni ko‘rgan bo‘lardingiz», – dedi u.
«O‘zbek ekanimdan faxrlanaman»
Sindarov muxlislarning terma jamoani har kuni qo‘llab-quvvatlayotgani mamlakatda shaxmatga qiziqish qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatishini aytdi.
«Men o‘zbek ekanimdan va o‘z mamlakatim sharafini himoya qilayotganimdan juda faxrlanaman», – dedi grossmeyster.
O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Samarqanddagi 2026-yilgi Shaxmat olimpiadasining ochiq yo‘nalishida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu jamoaning 2022-yilda Chennaydagi g‘alabadan keyingi ikkinchi Olimpiada chempionligi bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIDE Sindarov va Gukesh o‘rtasidagi shaxmat toji uchun uchrashuv haqida bayonot bergandi. FIDE 2026-yilgi Jahon chempionati uchrashuvi Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘tkaziladi. O‘yinlar shu yilning 24-noyabridan 12-dekabriga qadar bo‘lib o‘tadi.