«O‘zbekiston pochtasi» xususiylashtirilmagan, 100 mlrd so‘m qarz ham olinmagan — Davaktiv

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «O‘zbekiston pochtasi» AJ xususiylashtirilgani va kompaniya 100 mlrd so‘m qarz olgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Iqtisodchi Otabek Bakirov esa agentlik munosabatida Wildberries bilan hamkorlik va jamiyat boshqaruvidagi o‘zgarishlarga oid asosiy savollar ochiq qolganini bildirdi.
Davaktiv ma’lumotiga ko‘ra, «O‘zbekiston pochtasi» ustav kapitalidagi davlat tashkilotlari, korxonalar va tijorat banklariga tegishli 92,9% davlat ulushi agentlikka to‘liq o‘tkazilgan.
Wildberries va Uzum Market ushbu ulushni sotib olishga qiziqish bildirgan, biroq hozircha davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha hech qanday hujjat rasmiylashtirilmagan.
Davaktiv 100 mlrd so‘mlik qarz olinmaganini bildirdi
Agentlikka ko‘ra, «O‘zbekiston pochtasi» hozir murakkab moliyaviy va transformatsiya davrini boshdan kechirmoqda. So‘nggi uch yilda kompaniyaning o‘rtacha sof foydasi 800 mln so‘m, rentabelligi esa 0,2% bo‘lgan.
2026-yilning birinchi yarmida tushum 313,6 mlrd so‘mni tashkil etib, bir yil avvalgiga nisbatan 17% kamaygan. Kompaniyaning bank qarzdorligi 45,3 mlrd so‘mga yetgan.
Pochta infratuzilmasini modernizatsiya va raqamlashtirish uchun dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 300 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ talab qilinadi.
Shu maqsadda Wildberries bilan bog‘liq «WB INT EXPORT» MChJ bilan hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan. Kompaniya Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida 100 mlrd so‘m qarz berishga tayyorligini bildirgan.
«Foiz stavkalari, qarz miqdori va qaytarish grafigi bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilmaganligi sababli, aksiyadorlarning 2026-yil 21-sentabrdagi navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida bu masalada qaror qabul qilinmagan», – deyiladi Davaktiv munosabatida.
Shu sabab agentlik «O‘zbekiston pochtasi» 100 mlrd so‘m qarz olgani haqidagi xabarlarni asossiz deb atadi.
Wildberries vakillari kuzatuv kengashiga jalb qilingan
Davaktiv «WB INT EXPORT» vakillarining «O‘zbekiston pochtasi» kuzatuv kengashiga jalb qilinishini kompaniyada zamonaviy korporativ boshqaruvni joriy etish va kelgusida jalb qilinishi mumkin bo‘lgan investitsiyalarning maqsadli ishlatilishini nazorat qilish bilan izohladi.
Bakirov: Asosiy savollar ochiq qoldi
Iqtisodchi Otabek Bakirov Davaktivning izohini tanqid qilib, unda bir qator masalalarga yetarlicha aniqlik kiritilmaganini bildirdi.
Bakirov, avvalo, 100 mlrd so‘mlik qarz bitimini tasdiqlash masalasi aksiyadorlar yig‘ilishi kun tartibiga qarz olinmasidan oldinmi yoki keyinmi kiritilganiga aniqlik kiritishni so‘radi.
Uning fikricha, bu masalaga oydinlik kiritish uchun 21-sentabrdagi aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi bayonnomasini to‘liq e’lon qilish zarur.
«Nega aynan Wildberries?»
Iqtisodchi Wildberries vakillarining kuzatuv kengashidagi ishtiroki bo‘yicha ham savollar qo‘ydi.
«Nima uchun aynan Wildberries va aynan nima uchun uning beshta vakili ‘O‘zbekiston pochtasi’ kengashi tarkibiga kiritilgan? Qaysi asoslarda?» – deb yozdi Bakirov.
U bu jarayonda ochiq tanlov o‘tkazilganmi, boshqa potensial investorlar yoki mutaxassislar bilan muzokaralar bo‘lganmi, degan savollarga ham javob berilmaganini ta’kidladi.
Shuningdek, iqtisodchi hozir «O‘zbekiston pochtasi» va Wildberries o‘rtasidagi munosabatlarning aniq huquqiy maqomi qanday ekaniga oydinlik kiritishni so‘radi.
Minoritar aksiyadorlar masalasi ham ko‘tarildi
Bakirov aksiyadorlar yig‘ilishi kun tartibiga ayrim aksiyalarni bozor qiymatida qayta sotib olish va keyinchalik ularni bekor qilish masalasi nima sababdan kiritilganiga ham e’tibor qaratdi.
Uning fikricha, bu 7,1% ulushga ega minoritar aksiyadorlarning kompaniya boshqaruvidagi kelajakdagi o‘rniga ta’sir qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekiston pochtasi» AJ guruhi 2025-yilda 578,5 mln so‘m sof zarar ko‘rgani haqida xabar berilgandi. Bir yil avval zarar 24,9 mlrd so‘mni tashkil etgan edi. Bu Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilingan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotdan ma’lum bo‘ldi.