Bloger Sirojiddin Odilov 4 yilga qamaldi

eʼlon qilindi
U 75 mln so‘mni noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan
Bloger Sirojiddin Odilov tovlamachilik bilan qamoqqa olindi
Foto: Odilov instagram sahifasidan videodan ekran tasviri

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tumani sudi «Sirojiddin Media» MChJ rahbari Sirojiddin Odilovni tovlamachilik va firibgarlikda aybli deb topib, 4 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Sudga ko‘ra, u uch nafar fuqarodan jami 75 mln so‘mni noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan. Bu haqda Jizzax viloyati sudlari xabar berdi. 

75 mln so‘mlik zarar qoplangan

5-oktabr kuni chiqarilgan hukmga ko‘ra, Odilov bir fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan tovlamachilik, yana ikki fuqaroga nisbatan esa 168-moddasi 3-qismining «b» va «v» bandlarida ko‘rsatilgan takroran firibgarlik jinoyatlarini sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Sud muhokamasida Odilov D. Shamsiyevdan 12 mln so‘mni tovlamachilik yo‘li bilan, G. Jumaniyozovadan 30 mln so‘mni va R. Xudoynazarovadan 33 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani isbotlangan. Yetkazilgan jami 75 mln so‘mlik zarar to‘liq qoplangan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati bo‘yicha ayblov qo‘yilmagan

Jizzax viloyati sudlari Odilovga ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati yuzasidan hech qanday ayblov qo‘yilmaganini alohida ta’kidladi.

Unga nisbatan chiqarilgan hukm boshqa fuqarolarning mulkini tovlamachilik va firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish bilan bog‘liq.

Sudning qayd etishicha, birinchi instansiya hukmiga faqat yuqori instansiyada belgilangan protsessual tartibda baho berilishi mumkin.

Odilov mart oyida qamoqqa olingandi

«Sirojiddin Media» nomi bilan tanilgan Sirojiddin Odilov mart oyida firibgarlikda gumonlanib qamoqqa olingandi.

O‘sha paytda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi (firibgarlik) hamda 211-moddasi (pora berish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangani xabar qilingandi.

Avvalroq O‘zbekiston Harbiy sudi Taftish.uz tahririyati xodimlari va DXXning sobiq xodimlariga nisbatan hukm chiqargandi. Sudlanuvchilarga 4,1 yildan 10,6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek