Davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi nazorat kuchayadi — nimani kutish kerak

Adliya vazirligi davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalarning komplayens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatiga oid idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Kimlarga tatbiq etiladi
Yangi tartib davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondi yoki ustav kapitalida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlariga taalluqli.
Hujjat bilan komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari hamda ularning faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi.
Korrupsiya xavflari oldindan aniqlanadi
Ichki nazorat tuzilmalari korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, ular korrupsiyaga sabab bo‘luvchi omillarni bartaraf etish hamda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘radi.
Mazkur tuzilmalar faoliyatini tashkil qilish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda tegishli davlat organi yoki tashkiloti tomonidan birgalikda amalga oshiriladi.
Ichki nazorat alohida xizmat yoki lavozim bo‘lishi mumkin
Ichki nazorat tuzilmalari xizmat yoki bo‘linma shaklida tashkil etilishi, shuningdek, alohida lavozimdan iborat bo‘lishi mumkin.
Ularning rahbarlari va xodimlariga nisbatan minimal malaka talablari ham belgilandi.
Xususan, ular oliy ma’lumotga, tegishli ish stajiga va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini tugatganlik sertifikatiga ega bo‘lishi kerak.
KPI bo‘yicha alohida tartib joriy etiladi
Ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari va xodimlari faoliyatiga KPI qo‘llanilmaydi.
KPI bilan bog‘liq ustamalar ularga maksimal miqdorda tatbiq etiladi. Ushbu ko‘rsatkichni pasaytirish esa Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Xodimlar davlat himoyasida bo‘ladi
Ichki nazorat tuzilmalari xodimlari davlat himoyasida bo‘ladi. Hujjatga ko‘ra, ularning huquqiy va ijtimoiy himoyasi ham ta’minlanadi.
Avvalroq «Kursiv» Alisher Qodirov noqonuniy qurilishlar uchun jarimalarni oshirishni qo‘llab-quvvatlagani haqida yozgan edi.