Fransiyada 500 tagacha maktab yopiladi

Fransiyada talabalar noroziliklari va politsiya bilan to‘qnashuvlar ortidan 5-oktabr, dushanba kuni 400 – 500 ta litseyda darslar to‘liq yoki qisman to‘xtatiladi. Bu haqda Fransiya ta’lim vaziri Eduar Jeffre ma’lum qildi.
Uning aytishicha, ayrim ta’lim muassasalarida xavfsizlik uchun zarur sharoitlar ta’minlanmagan. Noroziliklar boshlanganidan buyon 24 ta maktab yoqib yuborilgan yoki talon-toroj qilingan.
Namoyishlar boshqa shaharlarga ham tarqaldi
Talabalar namoyishlari dastlab Parijda boshlangan, keyinchalik Monpelye, Nant, Marsel va boshqa shaharlarga yoyilgan.
Shuningdek, o‘qing: Fransiyada minglab o‘quvchilar namoyishga chiqdi
O‘quvchilar, asosan, o‘qituvchilar yetishmasligi, sinflarning haddan tashqari to‘lib ketgani va maktab binolarining yomon holatidan norozi.
Fransiya adliya vaziri ma’lumotiga ko‘ra, 3 700 ta maktabdan 735 tasi noroziliklar ta’sirini turli darajada his qilgan.
5 mingdan ortiq odamlar hibsga olindi
Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunesning ma’lum qilishicha, faqat juma kuni 1 747 kishi hibsga olingan.
AFP ma’lumotiga ko‘ra, noroziliklar boshlanganidan buyon jami 5 mingdan ortiq odamlar ushlangan va ularning qariyb 85%ini voyaga yetmaganlar tashkil etadi.
Ta’lim vaziri 78 nafar ta’lim xodimi jarohat olganini ham ma’lum qilgan.
Shuningdek, o‘qing: Fransiyada 400 ta maktab namoyishlar sabab yopildi
Hukumat darslarni bosqichma-bosqich tiklamoqchi
Fransiya hukumati darslarni qisman va bosqichma-bosqich qayta tiklashni rejalashtirmoqda.
Bosh vazir Sebastyan Lekornyu hukumat maktablarda darslarning uzluksizligini ta’minlash, infratuzilmani yaxshilash, o‘quv kunini samaraliroq tashkil etish va universitetga qabul tizimini shaffofroq qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rayotganini aytdi.
Namoyish tashkilotchilari esa hukumatdan aniq choralar talab qilib, noroziliklarni seshanba kuni ham davom ettirishga chaqirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Fransiyada maktab o‘quvchilarining namoyishlari bir qator shaharlarda tartibsizlik va politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylangani haqida yozgan edi.