Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasining o‘yin uslubini o‘zgartirmoqda

eʼlon qilindi
JChdan keyin vaziyatga boshqacha qarash zarurati paydo bo‘lgan
Kannavaro: Jahon chempionati bizni chiniqtirdi, endi asosiy maqsad — Osiyo kubogi
Foto: UFA

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro «JCh – 2026» dan keyin jamoaning o‘yin uslubiga o‘zgartirish kiritishga qaror qilganini aytdi. Italiyalik mutaxassis Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin oldidan o‘tgan matbuot anjumanida endilikda jamoaga yangi tamoyillarni singdirayotganini ma’lum qildi.

O‘yin uslubini o‘zgartirish vaqti kelganini his qildim

Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasiga tayinlanganidan keyin dastlab avvalgi taktik yondashuvni saqlab qolishga qaror qilganini aytdi.

«O‘zbekiston milliy jamoasiga tayinlangan paytimdan keyin taktikaga ko‘p o‘zgartirish qilmaslikka qaror qilgandim. Avvalgi himoyaviy uslubni qoldirishga qaror qilgandim», – dedi u.

Murabbiyga ko‘ra, JChdan keyin vaziyatga boshqacha qarash zarurati paydo bo‘lgan.

«Jahon chempionatidan so‘ng esa biroz o‘zgartirish qildim. O‘yin uslubini o‘zgartirish vaqti kelganini his qildim. Hozir o‘yinchilarga yangi tushunchalar bermoqdaman», – dedi Kannavaro.

Agressiv futbolni yoqtiraman

Italiyalik mutaxassis O‘zbekiston futbolida yosh futbolchilar bolalikdan agressiv harakat qilishga o‘rgatilishini ta’kidladi.

U mamlakatdagi yosh futbolchilarning salohiyatini yuqori baholab, bu xususiyatni milliy terma jamoa o‘yiniga ham olib kirishga harakat qilayotganini aytdi.

«Shundan kelib chiqib, milliy jamoaning ham o‘yin uslubini o‘zgartirib, shuni ularning ongiga singdirishga harakat qilyapman. Agressiv futbolni yoqtiraman», – dedi Kannavaro.

Yosh futbolchilarga imkoniyat beriladi

Kannavaro, shuningdek, 17 – 21 yoshdagi futbolchilarning Superliganing kuchli jamoalarida muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi muhimligini ta’kidladi. Uning aytishicha, bunday amaliyot yosh futbolchilarning haqiqiy imkoniyatlarini ko‘rsatib beradi va ularning milliy terma jamoaga chaqirilish ehtimolini oshiradi.

«Men ham milliy jamoaga yangi nomlarni chaqirish va ularning imkoniyatlarini ko‘rishga har doim tayyorman», – dedi bosh murabbiy.

Kannavaro Koreya bilan bahsni kutmoqda

O‘zbekiston 6-oktabr kuni Janubiy Koreyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Kannavaro Koreya terma jamoasini kuchli raqib deb atab, jamoasi safarda yaxshi natija uchun harakat qilishini bildirdi.

Avvalroq O‘zbekiston Suriyani 4:1 hisobida mag‘lub etgan edi.

Shuningdek