O‘zbekistonda yil boshidan 5 ta yangi gaz koni ochildi

O‘zbekistonda yil boshidan buyon 5 ta yangi gaz koni ochildi. Joriy yilda 6 ming metrgacha va undan ham chuqur bo‘lgan qatlamlarda 80 ta quduq burg‘ilandi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevga neft va gaz tarmog‘idagi yirik loyihalar bo‘yicha taqdimotda ma’lum qilindi.
3D seysmik razvedka 5 barobar oshiriladi
Gaz zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida geologiya-qidiruv ishlari kengaytirilmoqda. Joriy yilda 3D seysmik razvedka hajmini o‘tgan yildagiga nisbatan 5 barobarga oshirish rejalashtirilgan.
Yil boshidan 6 ming metrgacha va undan ortiq chuqurlikda 80 ta quduq burg‘ilandi. Yilning IV choragida yana 40 ta quduq burg‘ilash rejalashtirilgan.
Ayniqsa, Ustyurtning katta chuqurlikdagi qatlamlarini o‘rganish, yangi konlarni o‘zlashtirish va mavjud quduqlar samaradorligini oshirishga e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda xorijiy hamkorlar bilan yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Gaz transport tizimi kengaytiriladi
Taqdimotda gaz transport tizimining o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirish loyihalari ham ko‘rib chiqildi.
Ular doirasida yangi magistral gaz quvurlarini qurish va kompressor stansiyalarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Ayrim stansiyalarda zamonaviy elektr dvigatellarini ishga tushirish orqali gaz yetkazib berish barqarorligini oshirish va yiliga 125 mln kub metr gaz tejash mumkin.
Loyihalarni moliyalashtirish manbalari bo‘yicha ham takliflar ko‘rib chiqildi.
«Mustaqillikning 25 yilligi» konidagi avariya
Taqdimotda «Mustaqillikning 25 yilligi» konida yuzaga kelgan avariyani bartaraf etish ishlari ham muhokama qilindi.
Jarayonga Xitoyning ixtisoslashtirilgan kompaniyasi jalb qilingan. Hozirda maxsus texnika va uskunalar ish joyiga safarbar qilinmoqda, quduqlarni burg‘ilash joylarida tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Prezident avariyani bartaraf etishning barcha bosqichlarida xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish zarurligini ta’kidladi.
Farg‘ona zavodida ishlab chiqarish oshiriladi
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini ishlab chiqarish va moliyaviy jihatdan sog‘lomlashtirish bo‘yicha ishlar ham ko‘rib chiqildi.
Asosiy texnologik qurilmalar ta’mirlangach, zavodda dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 30 foizga, bitum ishlab chiqarish 60 foizga, aviakerosin ishlab chiqarish esa 5 barobarga oshgan.
Yil oxirigacha zavod quvvatidan foydalanish darajasini 40 foizdan 65 foizgacha yetkazish rejalashtirilgan.
Prezident geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlari samaradorligini oshirish, yirik loyihalarni aniq moliyalashtirish manbalari asosida amalga oshirish hamda tarmoq korxonalarida samaradorlikni oshirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Avvalroq Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilgani haqida xabar berilgandi.