Qozog‘istonda ilk qor yog‘di — video

Qozog‘istonning bir qator hududlarida 4-oktabr kuni qor yog‘di. Oqto‘be viloyatining Xromtau shahri va Aqjar hududida ko‘chalar qor bilan qoplandi, Ostonada ham 5-oktabr kuni yomg‘ir qorga aylandi.
Oqto‘be viloyatida harorat nolgacha tushdi
Oqto‘be viloyatida 4-oktabr kuni mavsumning ilk qori kuzatildi. Xromtau va Aqjar aholisi qor bosgan ko‘chalar aks etgan videolarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmoqda.
Ayrim joylarda tunda havo harorati 0 darajagacha pasaygan. Oqto‘be shahrida esa yomg‘ir 3-oktabrdan boshlab vaqti-vaqti bilan ho‘l qorga aylangan.
Ob-havo yomonlashgani sabab politsiya haydovchilardan yo‘llarda ehtiyotkor bo‘lishni so‘ragan.
Ostonada ham qor yog‘di
Ostonada ham qor yog‘ishi kuzatildi. Sinoptiklar kunduzgi harorat 3–5 daraja iliq bo‘lishini hamda yomg‘ir va qor yog‘ishini prognoz qilgan edi.
«Qazgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, qor Uralsk, Ko‘kshetau, Qo‘stanay va Petropavlovskda ham yog‘ishi mumkin.
Qozog‘iston shimolida yomg‘ir va qor, ayrim joylarda qor bo‘roni hamda yaxmalak kutilmoqda. Janubiy va sharqiy hududlarda esa kuchli yomg‘ir prognoz qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qor, yomg‘ir, shamol: 5-oktabr kuni qanday ob-havo kuzatilishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. Shamol ayrim joylarda 15–20 m/s gacha kuchayadi. 5-oktabr kuni tog‘li hududlarda kunduzgi harorat 8–13 darajagacha pasayishi kutilmoqda.