Rossiyadagi vabo gumoni rad etildi: xodimda pnevmoniya aniqlangan

eʼlon qilindi
Kontaktlarda COVID-19 va rinovirus aniqlandi
Rossiyadagi o‘lat gumoni rad etildi: xodimda pnevmoniya aniqlangan
Foto: depositphotos

Rossiyaning Irkutsk viloyatida vaboga qarshi institut xodimi o‘latdan vafot etgani haqidagi xabarlar tasdiqlanmadi. «Rospotrebnadzor» ma’lumotiga ko‘ra, ayolda kelib chiqishi aniqlanmagan pnevmoniya qayd etilgan, kengaytirilgan tekshiruvlarda esa uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq xavfli mikroorganizmlar topilmagan.

O‘zi nima bo‘lgandi

Avvalroq 28 yoshli Irkutsk vaboga qarshi instituti xodimi Darya Shipilova Shelexovdagi shifoxonada vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Ayrim OAV u laboratoriyada o‘lat qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan probirkani tasodifan sindirib yuborgani va o‘pka vabosi bilan kasallangan bo‘lishi mumkinligini yozgan. Shipilova 29-sentabr kuni shifoxonaga yotqizilgan va ikki kundan so‘ng vafot etgan.

Rospotrebnadzor vaboni tasdiqlamadi

Rospotrebnadzor 4-oktabr kuni ayolga «kelib chiqishi aniqlanmagan pnevmoniya» tashxisi qo‘yilganini ma’lum qildi. Kengaytirilgan laboratoriya tekshiruvlarida uning biomaterialida kasbiy faoliyati bilan bog‘liq mikroorganizmlar aniqlanmagan.

Shuningdek, institutdagi biologik xavfsizlik talablariga rioya etilishi tekshirilgan. Komissiya patogen mikroorganizmlar bilan ishlash jarayonida favqulodda holat yuz berganini aniqlamagan.

«Irkutsk viloyati, Irkutsk va Shelexov shaharlaridagi sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror», – deyiladi Rospotrebnadzor xabarida.

Kontaktlarda COVID-19 va rinovirus aniqlandi

Marhuma bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar tibbiy kuzatuvga olingan va ulardan muntazam laboratoriya tahlillari olingan.

Tekshiruvlar natijasida ikki kishida COVID-19, yana ikki kishida rinovirus infeksiyasi aniqlangan. Boshqa yuqumli kasalliklar qo‘zg‘atuvchilari topilmagan.

«Rospotrebnadzor» ma’lumotiga ko‘ra, kuzatuvga olinganlarda xavfli infeksiya bilan bog‘liq sog‘liq o‘zgarishlari qayd etilmagan.

O‘zbekistonda nazorat kuchaytirildi

Avvalroq Irkutskdagi ehtimoliy vabo holati haqidagi xabarlar ortidan O‘zbekistonda tegishli xizmatlar tayyorgarligi kuchaytirilgani ma’lum qilingan edi.

Sanepid qo‘mitasi Rossiya vakolatli idoralari va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlari asosida vaziyat kuzatib borilayotganini bildirgan. O‘zbekistonda o‘pka vabosi holatlari qayd etilgani haqida ma’lumot yo‘q.

Shuningdek