Soliqchilar 122,6 mln so‘mni o‘zlashtirgani ma’lum bo‘ldi

eʼlon qilindi
97 nafar soliq to‘lovchidan olingan mablag‘lar ularning shaxsiy hisobvaraqlariga kiritilmagani aniqlangan
Foto: depositphotos

Qashqadaryo viloyatida soliq to‘lovchilardan olingan 122,6 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilish bilan bog‘liq holat aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.

Departamentning Qarshi shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Qarshi shahar soliq inspeksiyasining davlat soliq bosh inspektorlari va boshqa shaxslarning harakatlari o‘rganilgan.

97 nafar soliq to‘lovchidan pul olingan

Tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, mansabdorlar 97 nafar soliq to‘lovchidan go‘yoki ularning soliq qarzdorligini so‘ndirish maqsadida jami 122,6 mln so‘m olgan.

Biroq ushbu mablag‘lar soliq to‘lovchilarning shaxsiy hisobvaraqlariga kirim qilinmagani aniqlangan. Tergov organi ma’lumotiga ko‘ra, pullar o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi – o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish alomatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Namanganda 51,5 mln so‘mlik qalbaki pullar musodara qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek