Tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi

eʼlon qilindi
Ular asab hujayralari faoliyatini yorug‘lik yordamida boshqarish imkonini bergan kashfiyotlari va optogenetika usulini rivojlantirdi
Foto: Nobel qo‘mitasi

2026-yilgi Fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti amerikalik olim Karl Deisserot hamda germaniyalik olimlar Peter Hegemann va Georg Nagelga berildi. Ular asab hujayralari faoliyatini yorug‘lik yordamida boshqarish imkonini bergan kashfiyotlari va optogenetika usulini rivojlantirgani uchun taqdirlandi. Bu haqda Nobel mukofotining rasmiy sayti xabar berdi.

Olimlar asab hujayralarini «yorug‘lik bilan yoqish» usulini yaratdi

Mukofotga sabab bo‘lgan tadqiqotlar miyaning xotira, hissiyot va xatti-harakatlarni qanday boshqarishini o‘rganishda yangi imkoniyatlar yaratdi.

Peter Hegemann va Georg Nagel bir hujayrali Chlamydomonas suvo‘tida yorug‘likka sezgir channelrhodopsin oqsilini aniqlagan. Mazkur oqsil ko‘k yorug‘lik ta’sirida ochilib, ionlarning hujayra ichiga kirishiga imkon beradi va elektr impulsini yuzaga keltiradi.

Olimlar bu oqsilni boshqa hujayralarga ham kiritganda, ular yorug‘likka sezgir bo‘lib qolganini aniqlagan.

Karl Deisserot esa ushbu kashfiyotni asab hujayralariga tatbiq etdi. U channelrhodopsin genini kalamushlarning nerv hujayralariga kiritib, ko‘k yorug‘lik yordamida ularni faollashtirishga erishdi. 2005-yilda bu natijalar e’lon qilingan, ikki yil o‘tib esa usul tirik sichqonlar miyasida ham qo‘llangan.

Optogenetika miya tadqiqotlarini o‘zgartirdi

Asab signallarini yorug‘lik yordamida boshqarish usuli optogenetika deb ataladi. U orqali olimlar miyaning muayyan qismlaridagi nerv hujayralarini aniq boshqarib, ularning xotira, hissiyot va xatti-harakatlardagi rolini o‘rganishi mumkin. Bu usul nevrologik va psixiatrik kasalliklar bilan bog‘liq jarayonlarni tadqiq qilishda ham qo‘llanmoqda.

Nobel qo‘mitasi optogenetika miya faoliyatini o‘rganishda ilgari tasavvur qilish qiyin bo‘lgan imkoniyatlarni ochganini qayd etdi. Tadqiqotchilar hozir ushbu texnologiyadan ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan odamlarga ko‘rishni tiklash imkoniyatlarini o‘rganishda ham foydalanmoqda.

Mukofot uch olim o‘rtasida teng taqsimlanadi

Karl Deisserot 1971-yilda tug‘ilgan va Stanford universitetida bioinjeneriya hamda psixiatriya va xulq-atvor fanlari professori hisoblanadi.

Peter Hegemann 1954-yilda tug‘ilgan. U Berlin shahridagi Humboldt universitetining neyrofanlar bo‘yicha professori.

Georg Nagel 1953-yilda tug‘ilgan va Vyurtsburg universitetida molekulyar o‘simlik fiziologiyasi professori.

2026-yilgi Nobel mukofotining pul miqdori 12 mln shved kronasi bo‘lib, mablag‘ uch laureat o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Avvalroq o‘zbekistonlik yozuvchi Hamid Ismoilov 2026-yilgi Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti uchun ehtimoliy nomzodlar qatorida tilga olingani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek