Xitoyning «savdo superquroli» yo‘qolib bormoqda

AQSh ilgari global yuk oqimlari haqidagi ma’lumotlarni jamlashi mumkinligi sabab «savdo superquroli» deb baholagan Xitoyning LOGINK logistika platformasi xalqaro maydondagi faoliyatini deyarli to‘xtatgan. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Platforma xalqaro hamkorlikdan chiqib ketdi
LOGINK bojxona, portlar va transport kompaniyalari ma’lumotlarini yagona tizimda birlashtirish uchun ishlab chiqilgan. Platforma Yaponiya va Janubiy Koreya bilan ma’lumot almashgan, Yevropadagi ayrim portlar bilan ham hamkorlik qilishga uringan.
Biroq 2024-yildan boshlab xalqaro loyihalardagi ishtiroki kamaygan. Platforma bilan bog‘liq xalqaro assotsiatsiyadagi a’zolik ham to‘xtatilgan.
Xitoydagi ofislar ham bo‘shab qolgan
Reuters jurnalistlari LOGINK’ning Xitoyning Venchjou shahridagi markaziga tashrif buyurganida binoda faoliyat alomatlari deyarli kuzatilmagan.
Platforma bilan bog‘liq kompaniyaga qarshi 2024-yildan beri kamida 39 ta sud da’vosi kiritilgan. Ularning umumiy qiymati qariyb 1,3 mln dollarni tashkil qiladi.
Reuters LOGINK faoliyatining nima sababdan keskin qisqarganini aniq tasdiqlay olmagan, biroq bu jarayon AQShning ittifoqchilariga platformadan foydalanmaslik bo‘yicha bosimi kuchaygan davrga to‘g‘ri kelgan.
Avvalroq Tesla Xitoy bozoridagi barcha yangi Model 3 avtomobillarini 16 dyuymli markaziy ekran bilan jihozlay boshlagandi.