
Chevrolet Cobalt 2020-yilgi LTZ versiyasi Braziliya ikkilamchi bozorida xarid qilishga arziydigan sedanlardan biri sifatida qayd etildi. Guia de Usados sharhida modelning katta yukxonasi, keng saloni, tejamkorligi va jihozlari uning asosiy ustunliklari sifatida ko‘rsatildi.
Cobalt’ning eng katta ustunliklaridan biri — 563 litr hajmdagi yukxonasi. Bu oilaviy sayohatlarda orqa o‘rindiqlardan voz kechmasdan katta hajmdagi yuklarni joylashtirish imkonini beradi.
Modelning g‘ildirak bazasi 2,62 metrni tashkil etadi. Sharhda orqa qatorda ikki nafar katta yoshli yo‘lovchi uchun yetarli joy borligi, keng eshiklar esa avtomobilga kirib-chiqishni osonlashtirishi qayd etilgan.
1,8 litrli dvigatel va olti pog‘onali «avtomat»

Cobalt LTZ 2020 1,8 litrli Flex dvigatel bilan jihozlangan. U 111 ot kuchigacha quvvat va 17,7 kgfm aylanish momentini beradi.
Dvigatel olti pog‘onali avtomatik uzatma bilan ishlaydi. Avtomobil 0 dan 100 km/soatgacha 10,5 soniyada tezlashadi.
Bir bak bilan 778 km gacha yurishi mumkin
Avtomobil benzinda magistral yo‘lda 100 km ga o‘rtacha qariyb 6,9 litr yonilg‘i sarflaydi, ya’ni 1 litr bilan 14,4 km gacha masofa bosib o‘tishi mumkin.
54 litrli yonilg‘i baki hisobiga nazariy yurish zaxirasi 778 km gacha yetadi.
LTZ versiyasida qanday jihozlar bor

LTZ komplektatsiyasida elektr rul boshqaruvi, kruiz-kontrol, parkovka sensori va yengil qotishmali disklar mavjud.
Shuningdek, avtomobil 7 dyuymli MyLink multimedia tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, Android Auto va Apple CarPlay’ni qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, o‘qing: Chevrolet Cobalt yoki Xitoy avtomobillari: narxlar qanday
Avtomatik uzatmani tekshirish tavsiya etiladi
Sharhda ishlatilgan Cobalt xarid qilishdan oldin avtomatik uzatmaga alohida e’tibor qaratish tavsiya qilingan.
Ayrim egalar uzatma ishga tushishining kechikishi, silkinish va sirpanish holatlari haqida xabar bergan. Shu sabab avtomobilni xarid qilishdan oldin sovuq va qizigan holatda sinovdan o‘tkazish tavsiya etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijda sotilmagan Chevrolet’lar O‘zbekistonga qaytarilayotgani haqidagi xabar yuzasidan UzAuto Motors izoh bergandi.