Dunyoda guvohnoma talab qilinmaydigan chegara bizda aksincha — advokat kuryerlar holati bo‘yicha

Advokat Javonsher Rustamov O‘zbekistonda moped, skuter va ayrim kichik hajmdagi mototransport vositalari uchun A1 toifadagi haydovchilik guvohnomasi talab qilinayotganiga munosabat bildirdi. Uning fikricha, 25 km/soatdan tez yurmaydigan va quvvati 0,25 kilovattgacha bo‘lgan transport vositalarining ham A1 toifasiga kiritilishi xalqaro amaliyotdan farq qiladi.
Javonsher Rustamov Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 25-oktabrdagi 676-son qaroriga e’tibor qaratdi. Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan moped va skuterlardan tashqari, konstruktiv tezligi 25 km/soatdan oshmaydigan, dvigatel hajmi 25 kub santimetrgacha yoki nominal quvvati 0,25 kilovattgacha bo‘lgan kichik hajmdagi mototransport vositalari uchun ham A1 kichik toifa joriy etilgan.
«Bu talabni ko‘pchilik payqamagan»
Rustamovning aytishicha, qaror dastlab jamoatchilikka asosan A1 guvohnomasini olish tartibining soddalashtirilishi bilan taqdim etilgan.
«Ilgari bunday transportdan hech qanday guvohnoma so‘ralmasdi. O‘shanda buni deyarli hech kim payqamadi», – deb yozdi advokat.
676-son qarorga ko‘ra, A1 guvohnomasini olish uchun majburiy avtomaktab kursini o‘tamasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri nazariy va amaliy imtihon topshirishga ruxsat berilgan.
Talab Yo‘l harakati qoidalariga ham kiritilgan
2026-yil 30-martdagi 125-son qaror bilan «kichik hajmdagi mototransport vositalari» tushunchasi Yo‘l harakati qoidalariga ham kiritildi. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, bunday vositalarni boshqaruvchi shaxs tegishli A1 toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi kerak.
Rustamov bu o‘zgarish kuryerlar va elektr transportdan foydalanuvchilarga bevosita ta’sir qilishini ta’kidladi.
«Kuryerlar hayotiga bevosita ta’sir qiladigan norma mutlaqo aloqasiz nomli hujjatning ilovasiga joylab yuborilgan. Uni topish uchun maxsus qidirish kerak», – dedi u.
«Xalqaro standartga yaqinlashish emas»
Advokat A1 toifasining O‘zbekistondagi mezonlarini xalqaro amaliyot bilan ham solishtirdi. Uning ta’kidlashicha, ayrim davlatlarda quvvati 0,25 kilovatt va tezligi 25 km/soatgacha bo‘lgan elektr transport velosiped sifatida tasniflanadi.
«Dunyoda guvohnoma talab qilinmaydigan chegara bizda aynan guvohnoma talab qilinadigan chegaraga aylangan. Xalqaro standartga yaqinlashish emas, undan teskari tomonga ketish kuzatilyapti», – deb yozdi Rustamov.
U yangi ta’rifda transport vositasi uchun quvvat yoki tezlikning pastki chegarasi ko‘rsatilmaganiga ham e’tibor qaratdi.
«Matnda tezligi 25 kilometrdan oshmaydigan, 25 kub santimetrgacha dvigatelli ‘yoki’ 0,25 kilovattgacha quvvatli transport deyilgan. ‘Yoki’ bog‘lovchisi tufayli mezonlardan bittasiga mos kelishning o‘zi yetarli bo‘lib qolishi mumkin», – deya qayd etdi advokat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq elektr velosipedi musodara qilinganini aytgan kuryer transport vositasini 25 km/soatdan tez haydamasa va veloyo‘lakdan foydalansa ham A1 toifadagi haydovchilik guvohnomasi talab qilinayotganidan norozilik bildirgandi. Iqtisodchi Otabek Bakirov esa amaldagi talablar kichik hajmdagi mototransport vositalari qatoriga ayrim e-velosipedlarni ham kiritib qo‘yganini ta’kidladi.