Bolalar saratonini erta aniqlash 65 foizga oshiriladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalar va o‘smirlarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha Milliy reja tasdiqlandi
Foto: depositphotos.com

O‘zbekistonda bolalar saratonini erta bosqichda aniqlash holatlari ulushi 65 foizgacha yetkaziladi. O‘zbekistonda onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalar va o‘smirlarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 2035-yilgacha mo‘ljallangan Milliy reja tasdiqlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Hujjat 2025 – 2030-yillarda bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha milliy dastur doirasida ishlab chiqilgan va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Bolalar saratoniga qarshi kurash global tashabbusi bilan uyg‘unlashtirilgan.

Har bir bolaga tashxis va davolanish imkoniyati beriladi

Milliy reja bo‘yicha bolalar saratonini erta bosqichda aniqlash holatlari ulushini 65 foizgacha yetkazish rejalashtirilgan. Onkologik kasallikka chalingan bolalarni esa 100% ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan qamrab olish maqsad qilingan.

Shuningdek, hududlarda diagnostika xizmatlarini kengaytirish, zamonaviy laboratoriya va instrumental tekshiruvlardan foydalanish imkoniyatini oshirish ko‘zda tutilgan.

Davolashning zamonaviy usullaridan foydalaniladi

Rejada davolashning zamonaviy usullari, jumladan target va immunoterapiyadan foydalanish imkoniyatlarini oshirish belgilangan.

Bundan tashqari, bolalar kanser-registri, elektron tibbiy karta va teletibbiyot tizimlari joriy etiladi. Palliativ yordam, psixologik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda reabilitatsiya xizmatlarini rivojlantirish ham rejaning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har yili qariyb 400 ming bola va o‘smirga onkologik hamda gematologik kasalliklar tashxisi qo‘yiladi. Yuqori daromadli davlatlarda besh yillik yashovchanlik darajasi 80 foizdan yuqori bo‘lsa, past va o‘rta daromadli mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 20 – 30% atrofida.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonning birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva BMT forumida bolalar saratoni muammosini ko‘targani haqida yozgandi.

Shuningdek